O‘zbekiston | 16:51 / 07.09.2021
27021
3 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar idorasi muftiy qay tartibda va qancha muddatga saylanishini ma'lum qildi

Idora raisini Ulamolar Kengashi 5 yil muddatga saylaydi. Lavozim egasi O‘zbekiston fuqarosi, oliy diniy ma'lumotli, kamida 10 yil O‘zMI tizimida ishlagan, ulamolar va xalq orasida obro‘-ishonch qozongan bo‘lishi lozim. Nomzodlar haqida hozircha ma'lumot yo‘q.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi muftiy lavozimiga saylov tartibi to‘g‘risida axborot berdi. Ma'lum qilinishicha, tashkilot Nizomining tegishli bandiga ko‘ra, diniy idora raisi, muftiy Ulamolar Kengashi yig‘ilishida 5 yil muddatga saylanadi.

Ushbu lavozimga saylanayotgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, oliy diniy ma'lumotli, kamida 10 yil O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ishlagan, ulamolar hamda xalq orasida obro‘ va ishonch qozongan bo‘lishi lozim.

“Ayni kunlarda muftiy lavozimiga munosib nomzodlarni atroflicha ko‘rib chiqish, mehnat faoliyatlarini o‘rganish, bilim salohiyatlarini mezonga solish, ish tajribalarini kuzatish va xalq orasidagi obro‘-e'tiborlariga baho berish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur jarayonlarning yakuni to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy matbuotida e'lon qilinadi”, – deyiladi rasmiy relizda.

Idora muftiy vazifasiga kim saylanishi va nomzodlar haqida turli xabarlar “ulamolarning ruhiyatiga salbiy ta'sir o‘tkazayotgani” sababli haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Kun.uz'ning O‘zbekiston Musulmonlar idorasining faoliyati va muftiy saylanishi tartibi yuzasidan o‘quvchilariga ma'lumot berish maqsadida tashkilot Nizomini so‘rab qilgan murojaatlari javobsiz qolmoqda.

Avvalroq, idora ijtimoiy tarmoqlarda muftiy tayinlangani haqida tarqalgan xabarlarga raddiya bergandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida davolanish uchun Moskvaga olib borilgan muftiy Usmonxon Alimov 15 avgust kuni 71 yoshida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi. Ulamo 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlagandi.

16 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi davlat rasmiylari ta'ziyali xonadonda bo‘lib, hamdardlik bildirdi. Shu kuni Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida marhumning janoza namozi o‘qilgan va ta'ziya marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

Mavzuga oid