O‘zbekiston | 09:32 / 08.09.2021
2234
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda odamlar ko‘z o‘ngida pnevmatik quroldan o‘q uzib fuqaroni jarohatlagan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Qarshi shahrida odamlar ko‘z o‘ngida pnevmatik quroldan bir necha marta o‘q uzib fuqaroni jarohatlagan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 3 sentabr kuni soat 21:30larda Qarshi shahrining Cho‘lquvar mahallasida yashovchi Shahriyor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan Islom Karimov ko‘chasida joylashgan savdo markazi ro‘parasida, G‘uzor tuman Jarariq mahallasida yashovchi Jonibek bilan o‘zaro janjallashib qolgan.

Shundan so‘ng Shahriyor jamoat joyida fuqarolarning ko‘z o‘ngida yonidagi pnevmatik pistoletdan bir necha marotaba o‘q uzib, Jonibekka tan jarohati yetkazgan va hodisa joyidan yashiringan.

Qayd etilishicha, pnevmatik pistoletdan otilgan o‘qlardan ikkitasi Jonibekka tekkan va u tan jarohati olgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Shahriyorga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid