O‘zbekiston | 14:05 / 08.09.2021
61737
2 daqiqa o‘qiladi

SSV emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni olish usullari haqida ma'lumot berdi

Koronavirusga qarshi to‘liq emlangandan so‘ng emlanganlik sertifikati olish talab etiladi. SSV matbuot xizmati emlanganlik sertifikatini olishning 5 usuli haqida ma'lumot berdi.

1-usul.
Emlanganlik sertifikatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn yuklab olish mumkin. 

Buning uchun JSh ShIR — Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqamidan yoki pasport ma'lumotlaridan foydalaniladi. 

Yagona portal orqali “Koronavirusga qarshi emlash” bo‘limini, so‘ngra “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali elektron tarzda navbatga turish va emlash to‘liq yakunlangach, tegishli sertifikatni yuklab olish ishonchli hamda xavfsizdir.

2-usul.
COVID-19’ga qarshi har bir emlanishdan so‘ng emlangan shaxsning mobil telefoniga SMS-orqali emlanganlik to‘g‘risida xabar keladi. 

To‘liq emlangandan so‘ng emlanganlik sertifikatini ushbu SMS-xabardagi havola orqali onlayn yuklab olish mumkin.

3-usul.
Telegram tarmog‘idagi @itmeduz_bot sahifasi orqali ham JSh ShIR yoki pasport ma'lumotlaridan foydalanib, emlashga elektron navbatga yozilish va emlanganlik sertifikatini yuklab olish imkoniyati yaratilgan. 

4-usul.
To‘liq emlangan shaxsga emlash o‘tkazilgan davolash-profilaktika muassasasining o‘zida emlash uchun ro‘yxatga olgan hamshira tomonidan fuqaro talabiga binoan sertifikat beriladi.

5-usul.
Shuningdek, yuqoridagi amallardan tashqari to‘liq emlangan shaxs o‘zi biriktirilgan hududiy birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasiga murojaat qilish orqali ham sertifikatni olishi mumkin.