Jahon | 14:58 / 13.09.2021
33282
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kobulda xavfli terrorchi o‘ldirilganini ma'lum qilgandi. Harbiylar nishonni tanlashda xato qilgan bo‘lishi mumkin

Kobuldagi teraktdan keyin AQSh xavfli terrorchi o‘ldirilganini ma'lum qilgandi. Jurnalistlarning aniqlashicha, bu aslida amerikaliklarning xayriya fondi xodimi edi va uning mashinasida bomba emas, suv bo‘lgan.

Jim Huylebroek for The New York Times

29 avgust kuni amerikalik harbiylar go‘yoki IShID-Xuroson a'zosi bo‘lgan terrorchining avtomobiliga aviazarba berilgani haqida xabar qilgandi. Amerika qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, ushbu amaliyot tufayli guruh tomonidan rejalashtirilgan yana bir yirik teraktning oldi olingan. 26 avgust kuni bu guruh evakuatsiya jarayoni davom etayotgan Kobul aeroporti atrofidagi ikki portlash uchun javobgarlikni zimmasiga olgandi; bu hujum oqibatida kamida 200 kishi halok bo‘lgan. Harbiylar MQ-9 Reaper droni tomonidan uchirilgan raketa bilan portlatilgan mashina haydovchisining shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmaganini ma'lum qilishgandi. Ularning ma'lumotiga ko‘ra, portlash vaqtida mashina atrofida bo‘lgan yana uch bola qurbon bo‘lgan.

The New York Times va The Washington Post jurnalistlari esa nishondagi haydovchining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lishganini ma'lum qilishdi. Bu 43 yoshli elektrotexnik Zamaray Ahmadi bo‘lib, u 2006 yildan buyon Afg‘onistondagi nochorlarga yordam berish bilan shug‘ullanib kelgan Kaliforniyaning xayriya tashkiloti — Nutrition and Education International (NEI) uchun ishlagan. Qolaversa, qarindoshlarining aytishicha, u AQShdan qochqin sifatida boshpana so‘rab murojaat qilishga ham ulgurgandi.

Zamaray Ahmadi Kobuldagi qochoqlar lagerida tekin ovqat tarqatmoqda, 26 avgust.

Harbiylarning tasdiqlashicha, operatsiya kuni Ahmadi shahar bo‘ylab noodatiy harakati orqali diqqatni tortgan, jumladan u go‘yoki IShID a'zolari yashiringani taxmin qilingan uylarda ham bo‘lgan. Ammo jurnalistlar o‘sha kuni Ahmadini ko‘rgan kishilar bilan suhbatlar asosida uning marshruti odatdagidan farq qilmagan degan xulosaga kelishgan. Ishgacha yo‘l bo‘ylab u uch marta to‘xtagan - hamkasblarini va xo‘jayinining uyidan noutbuk olish uchun. Harbiylarning aytishicha, ular uning oq rangli «Toyota»sini shu yerdan kuzatishni boshlagan.

The New York Times nashri qayd etishicha, ular aynan nimani jangarilarning maxfiy obekti sifatida qabul qilishgani tushunarsiz, ammo chindan ham keyingi kuni Kobul aeroportiga aynan Ahmadining shefi kvartirasi yaqinidan raketa zarbalari berilgan.

Ahmadining mashinasiga hujumni asoslash uchun yana bir argument keltirilgan, unga ko‘ra qaysidir pallada va u yana uch kishi mashinaga tushunarsiz tarkibdagi yuklarni ortgan, buni amerikaliklar droni qayd etgan. Ammo Ahmadining hamkasblari bu portlovchi qurilmalar emas, balki uchta plastik bak bo‘lgani, u ishxonasidan uyiga ichimlik suvi olib ketganini aytishgan: rasmiy hukumat qochib ketganidan so‘ng Kobulda ichimlik suvi tizimi ishlamay qolgan. NEI ofisi qo‘riqchisi ham jurnalistlarga Ahmadi baklarga suv to‘ldirayotganini ko‘rganini tasdiqlagan.

Soat 15:30 atrofida Ahmadi ofisni tark etgan, u hamkasblarini uylariga tarqatgan va soat 16:50 atrofida o‘z uyiga qaytib, hovlisiga kirgan. Ahmadining uyi shaharning aholi tig‘iz yashaydigan tumanida joylashganiga qaramay Amerika droni operatori mashina atrofida bir erkakdan boshqa hech kimni qayd etmagan — va zarba berilgan. Natijada, amerikaliklar ma'lumotiga ko‘ra, yana uch bola halok bo‘lgan, marhumning qarindoshlari esa hujum vaqtida Ahmadi oilasining 10 a'zosi qurbon bo‘lganini aytishgan.

Ahmadi portlovchi moddalar olib yurganiga isbot sifatida harbiylar birinchi portlash ortidan ikkinchisi ro‘y bergani — keyingi portlash ancha kuchli bo‘lganini keltirishadi. Ammo The Washington Post so‘roviga ko‘ra muhandisning halokati ro‘y bergan joyda olingan video va suratlarni o‘rgangan ekspertlar aslida yana bir kuchli portlash ro‘y berganiga dalillar topa olishmagan. The New York Times ekspertlari ham shunday fikrda. WP nashrining fikricha, agar chindan ham ikkinchi portlash ro‘y bergan bo‘lsa bu ancha kuchsizroq bo‘lgan va ko‘p ehtimol bilan avtomobilning yonilg‘i to‘ldirilgan baki portlagan.

Amerika qo‘mondonligi vakillari jurnalistlarga hodisa yuzasidan ichki tekshiruv boshlangani, uning natijasida portlash oqibatida ularning bayonotida aytilganidan ko‘proq odam qurbon bo‘lgani haqidagi xabarlarga ham aniqlik kiritilishini aytishgan.

Mavzuga oid