Jamiyat | 19:57 / 24.09.2021
10376
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron shahridagi «LiDa metall» korxonasida kuchli yong‘in sodir bo‘lganmi? - «O‘zmetkombinat» izoh berdi

13 sentabr kuni «O‘zmetkombinat» AJga qarashli, Ohangaron shahridagi «LiDa metall» korxonasida kuchli yong‘in sodir bo‘lganligi haqida tarqatilgan ma'lumotlar inkor qilindi.

Foto: O‘zmetkombinat

23 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Ish payti ro‘y bergan baxsiz hodisa yashirilmoqdami?» nomli maqola va video tarqatilgan. Ushbu videoda 13 sentabr kuni «O‘zmetkombinat» AJga qarashli, Ohangaron shahridagi «LiDa metall» korxonasi metall eritish pechida kuchli yong‘in sodir bo‘lganligi va natijada bir necha xodim jarohat olganligi to‘g‘risida xabar berilgan.

Shuningdek, videoda kombinat rahbariyati ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisani yashirib, tegishli hisobotga kiritmagan va ro‘yxatga olmaganligi bildirilgan. Jarohatlangan xodimlar ham ma'muriyat tazyiqi bilan shifoxonaga olib borilmay uyida davolanmoqda, degan ma'lumotni ko‘rishimiz mumkin. Ushbu maqolaga «O‘zmetkombinat» AJ rahbariyati izoh berishdi va tarqatilgan ma'lumotlar asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirishdi.

Ushbu hodisa aslida 11 sentabr kuni soat 01:15 da sodir bo‘lgan. Bunga sabab pechda eritilgan metallning kimyoviy tarkibidagi uglerod miqdori 0,93 foizni tashkil etgani va bu holatda uglerod miqdorini kamaytirish uchun texnologik jarayonda pechga kislorod yuborilishi ko‘zda tutiladi.

«Videoda tasvirlangan holat texnologik jarayonga kiradi va mazkur hodisada tan jarohati olgan deb aytilgan Nuriddin Haydarov va boshqa ishchilar aslida hech qanday tan jarohati olmagan va shu kunning o‘zida ishlarini davom ettirishgan va bugungi kunda ham salomatliklari yaxshi» - deyiladi «O‘zmetkombinat» AJ axborotida.

Shu o‘rinda hamyurtlarimizga bu kabi yolg‘on axborotlarga aldanib qolmasliklarini va zaruriyat tug‘ilganda "O‘zmetkombinat" AJ Matbuot xizmatiga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz!

Murojaat uchun: +998901783477

«O‘zmetkombinat» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid