Jamiyat | 10:46 / 28.09.2021
11814
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda YHXB inspektorini 4 km masofaga sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida YHXB inspektoriga qarshilik ko‘rsatib, avtomashinada sudrab ketgan haydovchiga nisbatan "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llandi. Bu haqda bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov xabar bermoqda.

Ayni paytda holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Kodeksda ushbu jinoyat uchun BHMning 50 baravari (13,5 mln so‘m)gacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Bundan oldinroq, 13 sentyabr kuni haydovchi T.X. Qumqo‘rg‘on tumanida xizmat olib borayotgan YPX inspektorining qonuniy talablarini bajarmay, uni mashinaning old qismida 4 kilometr masofaga sudrab olib ketgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid