Jahon | 00:15 / 28.09.2021
20285
2 daqiqa o‘qiladi

Uch Misr mumiyosi yuz qiyofasi DNK yordamida tiklandi

Foto: Parabon NanoLabs

 
Parabon NanoLabs laboratoriyasi olimlari Qadimiy Misr zamoniga mansub mumiyolangan 3 jasadning yuz qiyofasini tiklashga muvaffaq bo‘lishdi.  
 
Mumiyolar Qohiradan janubda joylashgan Abusir al-Malak shahrida topilgan. Ular miloddan oldingi 1380 yil va milodning 425 yili oralig‘ida dafn etilgan bo‘lgan. 2017 yilda Germaniyadagi Maks Plank nomidagi insoniyat tarixi instituti olimlari bu mumiyolarning DNKsini “o‘qishga” muvaffaq bo‘lishgan. Bu Qadimiy Misr mumiyosi genomining tarixdagi birinchi muvaffaqiyatli rekonstruksiyasi bo‘lgan.     
 
Virjiniyada joylashgan, DNK bilan bog‘liq texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi Parabon NanoLabs kompaniyasi olimlari ushbu genetik ma'lumotlardan foydalanib, mumiyolarning uch o‘lchamli yuz qiyofasini yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular buning uchun DNK-fenotiplash usulidan foydalanishgan. Bunda insonning tashqi ko‘rinishining o‘ziga xos jihatlari va yuz qiyofasini prognozlash uchun genetik tahlil amalga oshiriladi.
 
“DNK-fenotiplash bunday qadimiy inson irsiy materiali asosida birinchi marta bajarildi”, deb ma'lum qilingan kompaniya xabarida.
 
Mumiyolar 3 erkak kishiga tegishli bo‘lib, bu erkaklar qoramtir ko‘z va sochga hamda och jigarrang teriga ega bo‘lgan. Rekonstruksiya davomida ularning 25 yoshdagi ko‘rinishlari olingan. Olimlarning xulosa qilishicha, mumiyolar irsiy jihatdan hozirgi misrliklardan ko‘ra O‘rta dengiz va Yaqin Sharqning hozirgi aholisiga yaqinroq hisoblanadi.

Mavzuga oid