Amerikalik qo‘mondon AQSh Afg‘onistondagi urushda mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi
AQSh Afg‘onistonda o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarning bir qismini bajargan bo‘lsa-da, umuman olganda u yerdagi urushda mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda AQSh qurolli kuchlari shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli aytdi.
“Ushbu urush strategik muvaffaqiyatsizlik bo‘ldi. Biroq biz bu urushni oxirgi 20 kun yoki 20 oy ichida yutqazmadik”, deb aytgan Milli senatdagi yig‘ilishda va muvaffaqiyatsizlikning sabablari ancha oldinroqqa borib taqalishini qo‘shimcha qilgan.
Amerikalik qo‘mondon AQSh Afg‘onistonda “Al-Qoida” terrorchi guruhini yo‘q qilganini, biroq hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelishiga qarshilik qila olmaganini aytgan.
“Barchamizga ayon, Afg‘onistondagi urush biz istagandek tugamadi: Kobuldagi hokimiyatni toliblar egalladi”, deb qo‘shimcha qilgan Milli.
Uning fikricha, AQSh umumiy hisobda Afg‘onistondagi butun harbiy amaliyotning muvaffaqiyatsizligiga olib kelgan bir qator xato strategik qarorlar qabul qilgan.
Yig‘ilishda ko‘plab kongressmenlar AQSh qurolli kuchlari qo‘mondonligini kelgusida bir xatoni qayta-qayta takrorlayvermaslik uchun yuz bergan voqealardan saboq chiqarishga chaqirishgan. Milli va Pentagon rahbari Lloyd Ostin bunga va'da bergan.
Yig‘ilishda respublikachi kongressmenlar Afg‘onistonda hokimiyatni toliblar egallagani uchun javobgarlik endi AQSh prezidenti Jo Bayden zimmasiga tushishini isbotlashga urinishgan. Demokrat kongressmenlar esa muvaffaqiyatsizlik uchun nafaqat Bayden, balki oxirgi 20 yil ichida ishlagan AQSh ma'muriyatlarining barchasi javobgar ekanini aytishgan.
Milli va AQSh markaziy qo‘mondonligi rahbari Frenk Makkenzining ta'kidlashicha, ular Oq uyga Afg‘onistonda muayyan muddatga 2,5 ming harbiyni qoldirishni tavsiya qilishgan, biroq ularning fikrlari inobatga olinmagan. O‘z navbatida Oq uy matbuot kotibi Jyen Psakining ta'kidlashicha, Bayden bu masalada barcha fikrlarni eshitgan va oxir-oqibat butun qo‘shinni olib chiqishga qaror qilgan. Biroq Psaki Afg‘onistondan hamma qo‘shinni olib chiqishni AQSh prezidentiga aynan kim maslahat qilganiga aniqlik kiritmagan.
AQSh ma'muriyati Afg‘onistonda yuz bergan voqealarni mag‘lubiyat deb atashni istamayapti. Rasmiy shaxslarning ta'kidlashicha, Afg‘onistondagi asosiy maqsad “Al-Qoida”ga qarshi kurash bo‘lgan va u amalga oshirilgan. Shu sababli Afg‘onistonda qo‘shinlarni boshqa qoldirishga zarurat qolmagan.
Mavzuga oid
17:40
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05
AQShda so‘nggi 4 yilda 749 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi
15:04
Davlat departamenti AQSh fuqarolarini Belarusni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
12:27