Jamiyat | 21:31 / 01.10.2021
74527
2 daqiqa o‘qiladi

Sotilgan va unutilgan: Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘idan qayg‘uli reportaj

Shiddat bilan borayotgan qurilishlar shaharlarimiz ekologiyasini tang ahvolga solib qo‘ygani yetmaganday, ba'zi holatlarda ilgari obod bo‘lgan maskanlar bugun abgor manzillarga aylanishiga sabab bo‘layotgani ayni haqiqat. Bugun poytaxtdagi ana shunday maskanlardan biriga sayohat qilamiz.

Ekologiya mavzusiga yana murojaat qildik. Poytaxtdagi yashil hududlar va bir qancha bog‘lar oxirgi yillar davomida haqiqiy egalari – aholidan olib qo‘yildi. Aniqrog‘i, ushbu maskanlar qarovsiz qoldi, foydalanishga taqdim etilmadi, ayrim qismlari binolar qurish uchun investorlarga sotildi va sotilyapti. G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy, “Do‘stlik” va Milliy bog‘ kabi bir zamonlar so‘lim bo‘lgan bog‘lar shular jumlasidan.

Avvalroq, “Do‘stlik” bog‘i foydalanishga topshirilayotgani, bog‘ obodonlashtirilayotgani haqida lavha tayyorlagandik. Bu daf'a poytaxtning Eski shahar qismida, Olmazor tumani hududida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ga bordik. Va... achinarli ahvolga guvoh bo‘ldik.

Bog‘ hududining qancha qismi, qaysi investorga, qaysi shartlar asosida sotib yuborilgani haqida jamoatchilikka ma'lumot berilmagan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i v.b. Farhod Dehqonov qaysi investorlarga ekologik xulosa bergani haqidagi hujjatlarni taqdim etishini ma'lum qildi.

Bog‘ hududiga biz bilan oldinma-ketin Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, qo‘mitaning hududiy bo‘limlar inspektorlari, bog‘ga qarash zimmasiga yuklatilgan “Olmazor” biznes-siti direksiyasi mas'ullari, ekopatrul xodimlari yetib kelishdi.

Bog‘ga ekologiya va atrof-muhitga mas'ullar biz bilan intervyularda bog‘ni obodonlashtirish ishlari boshlangani, daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgani, tez orada bu makon obod bo‘lishi va xalq uchun eshiklar ochiq ekanini aytib o‘tishdi.

Haqiqiy holatdan esa videolavha orqali tanishib olishingiz mumkin.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi – Mahmud Soliyev.

Mavzuga oid