Filippinning sobiq diktatori o‘g‘li prezident saylovlarida ishtirok etishini e'lon qildi
Filippinning sobiq diktatori Ferdinand Markosning o‘g‘li Ferdinand Bongbong Romualdes Markos 2022 yilda mamlakatda o‘tadigan prezident saylovlarida ishtirok etmoqchiligini e'lon qildi. U bu haqda Facebook’dagi sahifasida joylashtirgan videomurojaatida ma'lum qildi.
Uning ta'kidlashicha, “mamlakat koronavirus pandemiyasi sababli o‘z tarixidagi eng ulkan sinovlardan biriga to‘qnash keldi”. Shu sababli Markos inqirozni yengish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirgan.
Ferdinand Markos Filippinga 1965 yildan 1986 yilgacha rahbarlik qilgan. Markosning siyosiy partiyalar va kongress bilan o‘zaro munosabatlarida ziddiyat yuzaga kelgani sababli u 1972 yilda mamlakatda favqulodda holat e'lon qilib, konstitutsiyani bekor qilgan. Sobiq diktator 1986 yilda norozilik namoyishlari ortida harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatilgan va shundan keyin Havayiga immigratsiya qilgan. Markos 1989 yilda vafot etgan va Havayida dafn etilgan. 2016 yilda mamlakat prezidenti Rodrigo Dutertening qarori bilan Markosning jasadi Filippinda qayta dafn etilgan.
Avvalroq navbatdagi saylovlarda vitse-prezident lavozimiga kurashmoqchiligini ma'lum qilgan amaldagi prezident Rodrigo Duterte 2 oktyabrda siyosatdan butkul ketishini e'lon qildi. Mamlakatda 2022 yil may oyida o‘tadigan prezident saylovlarida Dutertening qizi Sara Duterte-Karpio va sobiq bokschi Menni Pakyao ishtirok etishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
16:24 / 02.12.2024
O‘zbekiston JST a’zoligi bo‘yicha Filippin bilan muzokaralarni yakunladi
18:12 / 24.11.2024
Filippin poytaxtida yong‘in boshlandi: mingga yaqin uy yonib ketdi
20:28 / 23.11.2024
Filippin vitse-prezidenti davlat rahbari uchun killer yollaganini aytdi
20:50 / 14.11.2024