O‘zbekiston | 12:56 / 07.10.2021
12551
2 daqiqa o‘qiladi

Oltiariqlik yashik yasovchi yoshlar

Oltiariq azaldan mirishkorlar yurti. Tuman aholisi asosan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Oltiariqda yashikchilik sohasi ham rivojlangan. Chunki tumanda yashikka ehtiyoj yuqori. “Yangiqo‘rg‘on” MFY asosan yashik yasashga ixtisoslashgan.

Kasbi tadbirkor bo‘lgan Akmal Nosirov mahalla yoshlarini ish bilan ta'minlagan. Yoshlar maktabda dars tugagach yashik yasash bilan mashg‘ul bo‘ladi.

“5 yildan buyon yashik yasash bilan shug‘ullanib kelamiz. Qo‘l ostimda haydovchi, arrachi, ish boshqaruvchilarni qo‘shib hisoblaganda — jami 18 nafar ishchi bor.

Hozirda eksportchilarga uzum mahsuloti uchun yashik yetkazib beryapmiz. Bir kunda o‘rtacha 2-2,5 mingta yashik yasaymiz. Yashik uchun yog‘ochlar asosan Namangan viloyatidan yetkazib beriladi. Ya'ni Kaliforniya teragi materialidan foydalanamiz.

Ishchilarimizning kichigi 15, kattasi 20 yoshda. Ishchi guruh asosini mahalla yoshlari tashkil qiladi. Hozirgi kunda ular bir kunda 100-150 ming so‘mgacha ishlashyapti. Xohlasa naqdma-naqd, xohlashsa oylik hisobida maosh bilan ta'minlayman.

Yashik yasashni aprel oyida boshlab, sovuq tushganida noyabr oyida tugatamiz. Yog‘och qutilarni olma, uzum, gilos, o‘rik, shaftoli, limon, nok mevalari uchun taklif va buyurtmaga qarab yetkazib beramiz.

Asosan ikki xil yashik yasaymiz. Ayni kunlarda bir dona uzum yashigi 6 400 - 6 800 so‘mdan sotilyapti. Ichki bozor uchun ham yasaymiz. Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlarga eksport ham qilamiz.

Yoshlar maktabdan keyin tushlikdan to kech soat 21:00, 22:00 gacha ishlaydi. Bo‘sh vaqtlari bo‘lsa, kelib ishlashadi”, — deydi yosh tadbirkor Akmal Nosirov.

Yoshlardan tashkil topgan ustalar guruhi o‘z ishini yaxshi o‘zlashtirgan. Chaqqonlik borasida ularga tenglashadigani yo‘q. Yashik yasovchi yosh ustalar bitta yashikni bir zumda yasab qo‘yib, keyingisini yasashga oshiqardi.

Sarvar Ziyayev,

Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid