Jamiyat | 17:02 / 08.10.2021
9563
3 daqiqa o‘qiladi

Bahrom Abduhalimov uy-joylar narxini keskin kamaytirish haqida gapirdi

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov o‘zining saylovoldi dasturida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan ta'minlash va uy-joylarning narxini keskin kamaytirishini ma'lum qildi.

"Adolat" partiyasi nomzodi an'anaviy sotsial-demokratiyaning ijtimoiy adolat tamoyili va keng ko‘lamli ijtimoiy dasturlarning amalga oshirilishini ta'minlaydigan siyosatni qo‘llab-quvvatlashini e'lon qildi. Bundan tashqari, nomzod o‘z saylovoldi dasturiga kiritilgan ijtimoiy siyosatning asosiy rejalarini sanab o‘tgan:

  • mehnat qonunchiligi ustuvorligiga erishish va xodimni ekspluatatsiya qilishga qarshi keskin kurash olib boriladi;
  • mamlakat yalpi aholisining moddiy sharoitlarini tubdan yaxshilash, har bir insonni boy qilish choralarini ko‘rish hamda «ish haqi minimumi», «yashash minimumi» kabi tushunchalarning qonuniy asoslarini yaratiladi;
  • mamlakatimizda va chet elda ishlayotgan yollanma va mavsumiy ishchilarga keng sharoitlar yaratib beriladi, ularning mehnati qadrlanishi va muhofaza qilinishi, ishlagan mehnatiga yarasha haq olishi, mehnat stajiga qo‘shilishi va kelajakda munosib pensiya olishi kafolatlanadi;
  • harbiy xizmatchilarning oila a'zolari ham ish bilan ta'minlanishi, ta'lim olish, pensiya va tibbiy ta'minot sohalarida qonun bilan kafolatlangan imtiyozlarga ega bo‘lishi kerak;
  • pensiyadagi yuqori cheklovlar bekor qilinadi va har kimning mehnatiga, olgan maoshiga va ijtimoiy to‘lovlariga yarasha pensiya ta'minoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Bahrom Abduhalimov har bir inson boshpanaga ega bo‘lishga haqli ekanligini ta'kidlagan.

«Biz uy-joylarning narxini keskin kamaytiramiz. Hammabop va hamyonbop uylar ijtimoiy himoyaning muhim shartidir. Biz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan ta'minlaymiz.

«Islohot – inson uchun xizmat qilishi» tamoyilini yanada kengroq qaror toptirish maqsadida davlat va biznes manfaatlari uyg‘unligini ta'minlash orqali ijtimoiy adolatga erishish choralarini ko‘ramiz», – deyiladi nomzodning saylovoldi dasturida.

O‘zbekiston prezidentligiga saylov 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda saylovda ishtirok etadigan beshta siyosiy partiya yetakchilari aholi orasida o‘z targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid