Jamiyat | 14:00 / 09.10.2021
15977
2 daqiqa o‘qiladi

74 yoshli chavandoz: “Hayvonlar orasida eng mehriboni – ot”

Namanganning Chortoq tumani Peshqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Muhammadjon Mamadaliyev – vodiyda nomi chiqqan faxriy chavandozlardan. Bu yil 74 yoshni qarshilagan ota shu yoshda ham otni 18 yoshli yigitlardan kam minmaydi.

Muhammadjon ota harbiy xizmatdan qaytgan paytidan boshlab tulporlarga mehr qo‘ygan va hozirga qadar otdan ajralmagan.

Ota qishloqdan yuqoriroqda, o‘zi yaratgan bog‘da yashaydi: keng dala, bog‘, ayg‘ir otlar bilan keksalik gashtini surmoqda.

Muhammadjon ota Turkmaniston yerlarida xizmat qilib yurgan kezlarida ilk bor otga mehri tushganini aytadi. Keksa turkman polvoni bilan tanishishi uning otga qiziqishiga sabab bo‘lgan.

Qahramonimiz birinchi marta Qirg‘izistondagi ko‘pkarida qatnashgan. Asta-sekin katta-katta davralarda uloq ajratib yurgan va vaqt o‘tib Chortoq tumanida, keyinchalik Namangan bo‘ylab nomdor polvon bo‘lib tanilgan.

Chavandoz muvaffaqiyatlar ortidan Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan turnirlarga ham taklif etiladigan bo‘ldi. Tadbirlarda katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, qo‘shni respublikalarda ham nom chiqara boshladi. U Qirg‘iziston va O‘zbekiston chempioni unvonini ham qo‘lga kiritgan.

Qahramonimiz o‘zining eng yaxshi tulporini esga oldi, Muhammadjon Mamadaliyev nomi ham, egasiga mehri ham boshqacha bo‘lgan oti haqida so‘zlab berdi – batafsil videoko‘rsatuvimizda tomosha qiling.

Otaxon hozir nafaqada. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pkari o‘tkaziladigan marosimlardan hech qolmaydi. Tadbirlar oldidan bir bora o‘zi uloq solib beradi. Otaxonning shu yoshda ham tetik va baquvvat yurishiga otga bo‘lgan mehri sabab deb ko‘rsatadi.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi — Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid