O‘zbekiston | 17:14 / 11.10.2021
13263
3 daqiqa o‘qiladi

Hokimlik va IIB tortib olgan bug‘doy urganchlik ayolga qaytarilgan. Mansabdorlarga qanday chora ko‘rilgani esa noma'lum

Iyun oyida Urganch tumanida IIB xodimlari hokimlik topshirig‘iga ko‘ra fuqaroning bug‘doyini tortib olgan edi. Oradan qariyb 4 oy o‘tib, Senat axborot xizmati bug‘doy egasiga qaytarilganini ma'lum qildi. Biroq qonunsizlikka bosh bo‘lganlarga jazo berilgan-berilmagani ma'lum emas.

Videodan kadr

Senat relizida aytilishicha, palataning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi murojaatiga muvofiq holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olingan.

“Mazkur holat yuzasidan Urganch tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, “Khiva sesame” MChJ rahbari R.Kalandarov jamiyatga kunjut ekish uchun ajratilgan yer maydonining 10,4 gektarini og‘zaki kelishuvga asosan fuqaro I.Rajapovga g‘alla ekish uchun bergan.

Ushbu yer maydonida fuqaro I.Rajapov tomonidan yetishtirilgan 17,2 tonna bug‘doy hosili fuqaroning xususiy mulki ekani aniqlanib, o‘z egasiga qaytarildi.

Xususiy mulk daxlsizligi ta'minlandi”, – deyiladi parlament yuqori palatasining rasmiy axborotida.

Senat axborotida fuqaroning xususiy mulkiga tajovuz qilib, reyderlik yo‘li bilan bug‘doyini tortib olish jarayonida ishtirok etgan Urganch tumani hokimligi va IIB mulozimlarining xatti-harakatlariga qanday huquqiy baho berilgani ochiqlanmagan.

Shuningdek, hech qanday xat-hujjatlarsiz 30 tonna bug‘doyi olib ketilganini aytgan fuqaroga nima uchun 17,2 tonna bug‘doy qaytarilganiga ham oydinlik kiritilmagan.

Internetda hodisa videosi tarqalgach, Xorazm viloyati prokuraturasi tuman ishchi guruhi a'zolari va IIB xodimlarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani, viloyat IIB tomonidan videotasvirdagi ichki ishlar organlari xodimlari harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma'lum qilgan edi.

Mazkur tekshiruvlar natijasi ochiqlanmay qolmoqda.

Hodisa videosidan kadr

Eslatib o‘tamiz, mazkur voqea fonida Adliya vazirligi joylarda fermerlarning ortiqcha bug‘doyi tortib olinayotganini tasdiqlab bayonot chiqargan va bu ishlar uchun javobgarlik borligini eslatgan edi.

Vazirlik keyinroq “Fermerga madad” aksiyasini o‘tkazdi va unda butun mamlakat bo‘ylab fermerlar huquqlari turli ko‘rinishlarda oyoqosti qilinayotgani ma'lum bo‘ldi.

Mavzuga oid