O‘zbekiston | 14:49 / 15.10.2021
26255
6 daqiqa o‘qiladi

Abgor manzillar: Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘i

Hududining anchagina qismi yopiq qarorlar orqali sotib yuborilgan Abdulla Qodiriy bog‘i xarob ahvolda qolmoqda. Shahar hokimligining befarqligi, ekologlarning jur’atsizligi va tumanlar o‘rtasidagi sansalorlik bog‘ni qay ahvolga olib kelib qo‘ygani – Kun.uz obektivida.

Kun.uz yangi loyihani taqdim etadi – “Abgor manzillar”.

O‘zbekistonda ko‘plab xayrli ishlar qilinayotgani bor gap. Obod manzillar ko‘p va ko‘paymoqda. Abgor manzillarga esa e’tibor kerak. Yutuqlarimiz o‘zimizniki, kamchiliklarni esa, prezident aytganidek, ochiq aytish kerak, ko‘rsatish kerak. Davlat rahbari bu borada aynan bizga – OAV vakillariga tayanishini aytdi va biz bu tayanch vazifasini bajarishga kirishganmiz. Yangi loyihamizni “Obod manzillar” deb nomlashni qanchalar istashimizni bilsangiz edi. Biroq...

Ilk ko‘rsatuvimiz Toshkent shahri markazida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ haqida.

Biz bu bog‘ haqidagi reportajimizni e’tiboringizga havola qilgan edik:

O‘sha reportajdan keyin Ekologiya qo‘mitasi va hududga mas’ul bo‘lgan “Olmazor biznes siti” direksiyasidan reaksiya bo‘ldi. Qo‘mita bu maskanda hashar o‘tkazishini aytdi va bu ishni amalga oshirdi. Biroq bizda hashardan keyin ham savollar tug‘ildi: Ekologiya qo‘mitasining ishi hashar o‘tkazish xolosmi yoki bu hududni o‘z vakolati doirasida nazorat qilishmi? Hududda tozalash ishlari o‘tkazish, u yerni obodonlashtirish e’tirofga loyiq ish, ammo bir martalik hasharning foydasi qanchalik? Aslida, hududga yaqinda biriktirilgan “Olmazor biznes siti” direksiyasi tozalikka mas’ul emasmi?

Ungacha bu hudud Toshkent shahar hokimligi balansida bo‘lgan ekan, shu paytgacha hokimlik nega hududni qarovsiz qoldirdi?

Savollarimiz davom etadi: bunday katta maskanni uzoq vaqt davomida qarovsiz qoldirishdan manfaat bormi? Internet foydalanuvchilarining ko‘pchiligi bu “aprobatsiyadan o‘tgan sxema” ekanini, ya’ni avval biror katta hudud qarovsiz qoldirilib, keyin tashlandiq holga kelgach: “Mana, qaralmay qolib ketdi, daraxtlar qurib qoldi, chiqindixona bo‘lib ketdi, biror investorga bermasak bo‘lmaydi, investor obod qilib o‘tiradi”, degan vaj-korsonlar bilan hokimlik yerlarni sotish uchun o‘ziga bahona topib, xalq mulkini tadbirkorlarga sotib yuboryapti, deb izoh qoldirishlarida biror haqiqat bormi?

Agar yo‘q bo‘lsa, unda shaharlarimizdagi avval obod bo‘lgan qator maskanlarga boqing: xuddi shu holat bo‘lmayaptimi? Ushbu bog‘ hududining ancha qismi sotib yuborilganiga nima deysiz?

Aslida hokimlik toza va obod holda saqlab turishi kerak bo‘lgan maskanlar go‘yoki budjetdan moliyalashtirishdan qochib, ortiqcha xarajat deb qaralib, xususiy mulkdorlarga topshirilmayaptimi?

Bo‘sh yotgan binolar, zavod-u fabrikalar, o‘zlashtirilmagan yerlarni biznes egalariga berib, evaziga atrofni obodonlashtirish majburiyati yuklanishini tushunsa bo‘ladi, biroq shahar markazidagi tap-tayyor bog‘larni yopiq qarorlar bilan sotib yuborish to‘g‘rimi?

Ko‘rsatuvda ekologiya sohasi vakillarining o‘zlarida ham tushunarsizlik hukmron ekani oydinlashadi. Ular yo o‘z ishlarini yaxshi bilmaydilar, yoki bizga ayta olmayotgan to‘siqlarga uchrayaptilar. Yoki boshqacharoq holat...

Bog‘ hududidan yer sotib olgan ayrim investorlarni topish ancha vaqtni oldi. Investor nomidan gapirishga vakolatli shaxs esa hududga yetib kelib, vaziyatni bayon qildi. Uning aytishicha, bu hudud sotib olinganidan so‘ng hokimlik vakillari kelib, hududdagi nasosni olib chiqib ketishgan. “Nasosga tegishmasa o‘zimiz bu yerga bir odam biriktirib, sug‘orib turardik, obodligini ta’minlardik, ammo imkon yo‘q-ku”, deb yozg‘irdi “Wan Li” nomli firma vakili.

Uning aytishicha, investor bu joyni sotib olganidan keyin birorta daraxt kesilmagan va qurib qolmagan. Ekologiya qo‘mitasi mas’ullari esa uni bir necha tup daraxtni quritib qo‘yganlikda ayblab, jarimaga tortishgan. “Lekin bu daraxtlar bizgacha qurib bo‘lgandi, biz bu hududni o‘rab olishdan avval daraxtlar xatlovini o‘tkazganmiz”, deydi vakil.

Ha, tushunmovchiliklar bisyor. Shunday his uyg‘onadiki, bu yerda yoki katta mas’uliyatsizlik bor, yoki atayin mana shu holatga keltirilgan. Boshqacha o‘ylashimizga esa ko‘rganlarimiz, guvoh bo‘lgan holatlarimiz to‘sqinlik qilyapti.

Biz yaxshi niyatda ana shu ko‘rsatuvni suratga oldik. Ammo bu yakun emas. Biz bu bog‘ga yana qaytamiz. Ishlar qanday ketayotganini yana yoritib boramiz. Toki mas’ullar bergan va’dalarini oxirigacha bajarishsin.

“Abgor manzillar”, afsuski, yangi manzillarga yo‘l oladi.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi –
Mahmud Soliyev.

P.S. Ko‘rsatuvda bog‘ning shu yil 2-7 oktyabr kunlaridagi holati tasvirlangan. Mas’ullar shundan keyingi kunlarda bog‘da obodonlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar qilinganini aytishmoqda.

Mavzuga oid