Jamiyat | 13:10 / 18.10.2021
5670
3 daqiqa o‘qiladi

Qiyinchiliklar iskanjasidagi, biroq kelajakdan umidini uzmagan sirdaryolik sag‘ir yigit

Sirdaryo tumani Baxmal mahallasida istiqomat qiluvchi 34 yoshli Dilmurod Egamqulov bir necha yillardan beri yolg‘iz hayot kechiradi. Ota-onasi vafotidan so‘ng oilada bir o‘zi qolgan. Aka va opalari oila qurib, ko‘chib chiqishgan. Dilmurod o‘z hayotidagi qiyinchiliklarga qaramasdan kelajakka umid bilan qaraydi.

“O‘tgan yili karantin vaqtida biroz qiynaldim. Ro‘zg‘orni ham yaqinlarimning yordami bilan amalladim. Biror joydan ish topa olmadim, karantin tufayli barcha joylar faoliyatini to‘xtatgan edi. Faqatgina oziq-ovqat do‘konlari ishlab turdi”, — deya qiynalgan kunlarini eslaydi u.

Baxmalliklar asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Dalalarda poliz ekinlari, yem-xashak ekiladi. Yetishtirilgan mahsulotlarini Sirdaryo va Baxt dehqon bozorlarida sotishadi.

“Avvallari odamlar kuz mavsumida paxta terimiga chiqib, 5–10 so‘m daromad olardi. Hozirgi kunda dalalarda bug‘doy ekiladi. U ham yog‘ingarchilik hisobiga sug‘oriladi. Suv kelib qolganda 1–2 marta sug‘oriladi. Chunki hozirgi vaqtda ekinlar uchun suv yo‘q”, — deya dehqonchilikdagi qiyinchiliklarni sanab o‘tdi.

Mahallada elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo yo‘q hisobi. Faqat qish mavsumida tok dam-badam o‘chib turadi. Ichimlik suvi ertalab va kechki vaqtlarda ikki soatdan beriladi. Ko‘chaga o‘rnatilgan krandan 15–20 xo‘jalik tashib foydalanadi. Gaz esa 7–8 yillardan beri yo‘q: quvurlar kesib ketilgach, aholiga ballonlarda suyultirilgan gaz tarqatiladi. To‘ldirilgan ballon 20–30 kunga yetadi. Balon o‘z vaqtida yetkazilmasa va muddatdan tezroq tugab qolsa, ovqat o‘tin bilan o‘choqda pishiriladi. Sovuq kunlarda uyning faqat bitta xonasi o‘tin yordamida isitiladi, ba'zida elektr pechlardan foydalaniladi.

Asosan qurilish ishlari bilan shug‘ullanaman. Ish bor payti ishlayman, yo‘q payti sabr qilaman. Shaharga borib ishlay desam, bunga sharoitim yo‘l qo‘ymaydi. Sog‘lig‘imdagi muammolar tufayli davlat ishida ham ishlay olmayman. Maktabdan so‘ng o‘qishni davom ettirishga menda imkoniyat bo‘lmagan”, — deydi u.

Dilmurodning aytishicha, mahallada undan nochor inson yo‘q. Lekin sharoiti unikidan yaxshiroq bo‘lganlarga ham mahalla fuqarolar yig‘inidan yordam berilgan.

“Menga esa biror marta moddiy yoki boshqa turdagi yordam berilmadi. O‘tgan yili karantin vaqtida aholiga 250 ming so‘mdan yordam berilayotganini eshitgandim. O‘zim so‘rab borganimda, sen nogironmisan, kam ta'minlanganga kirmaysan, deyishgan edi. Lekin oradan 3-4 kun o‘tgandan keyin chaqirib, qo‘limga 200 ming so‘m berishdi. Karantin vaqtida bir marta oziq-ovqat berildi.

Har qanday qiyinchilik bo‘lmasin, men hayotimdan roziman. Boriga qanoat qilib yashayman. Omadim kelib, ishlarim yurishib ketsa uy-joylarimni obod qilgan va oila qurgan bo‘lardim”, — deydi Dilmurod Ibragimov.

Mavzuga oid