Jamiyat | 16:56 / 18.10.2021
2887
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan mast haydovchi odam urib yuborib qochib ketdi. Jabrlanuvchi vafot etdi

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan mast haydovchi odam urib yuborgan. Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 12 oktyabr kuni 20:00 larda M41 Bishkek–Dushanbe–Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jarqo‘rg‘on tumani Porloq yulduz mahallasi hududidan o‘tgan 1556-kilometrida noma'lum mashina 1969 yilda tug‘ilgan S.M.ni urib qochib ketgan.

Xabar viloyat IIB navbatchilik qismiga kelib tushgach noma'lum mashinani qidirib topish bo‘yicha choralar belgilanib, surishtiruv boshlab yuborilgan. Olib borilgan surishtiruvlar natijasida fuqaroni Jiguli mashinasi urib yuborgani, uning boshqaruvida esa Boysun tumanida yashovchi shaxs bo‘lgani aniqlangan. Gumonlanuvchi javobgarlikdan qutulib qolish uchun mashinasini ustaxonada ta'mirlatgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Jarqo‘rg‘on tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi, 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid