O‘zbekiston | 21:26 / 19.10.2021
5689
2 daqiqa o‘qiladi

“OAV so‘rovlariga o‘z vaqtida javob berilishi kerak” - AOKA direktori

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xodjayev davlat organlarining OAV so‘rovlariga o‘z vaqtida javob berishi masalasida fikr bildirdi.

“OAV vakillarining so‘rovlariga o‘z vaqtida javob berish uchun muddat qisqartirilib, tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida 10 kunlik muddat belgilab berildi. Lekin so‘rovga o‘z vaqtida javob bermaslik bo‘yicha javobgarlik belgilanmagan.

Biz davlat boshqaruvi organlarini chiqayotgan so‘rovlar tahlilini amalga oshirishimiz kerak, so‘rovlarga javob bergan vaqtda qanchalik inson xarajatlari, texnik taraflari vo boshqa jihatlarini ko‘rib, hammasini hisoblab, tegishli takliflarni olib chiqamiz. Biz so‘rovga o‘z vaqtida javob berilishi kerak, deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, har bir so‘rovning ishloviga ketadigan xarajatlarga ham asos bo‘lishi kerak.

Davlat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlashga doir qonunchilikda so‘rov, qaytarma so‘rov berish bor va so‘rov berishni suiiste'mol qilish holatlari ham belgilab berilgan. Ya'ni OAV bitta so‘rovni necha marta berishi mumkin, javobga qoniqmaganda nima qilish kerak, 2-3 martalab so‘rovni qaytarish kerakmi yoki ma'muriy sudga murojaat qilishlari mumkinmi… shu kabi jihatlari bor.

Bu juda qiyin masala, biz buni mutaxassislar bilan xorijiy tajribani o‘rgangan holda batafsil ko‘rib chiqishimiz kerak. Chunki bitta so‘rov boshqa OAVni so‘rov berish huquqiga ta'sir qilmasligi kerak”, – dedi Xodjayev 19 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida.

Mavzuga oid