O‘zbekiston | 13:11 / 20.10.2021
17739
2 daqiqa o‘qiladi

Bu yil Yangi O‘zbekiston universitetining barcha talabalari grant asosida o‘qishi ma’lum qilindi

Yangi O‘zbekiston universitetiga bu yil 200 nafar talaba qabul qilindi. Ularning barchasi davlat granti asosida o‘qishni davom ettiradi. Hozircha talabalar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti binosida o‘qishni boshlaydi.

Foto: Kun.uz

18 oktyabr kuni Yangi O‘zbekiston universitetining ilk talabalari uchun o‘quv jarayoni boshlandi. Qabul imtihonlari natijalari haqida Prezident ta’lim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

«Imtihonlarning 1-bosqichi – saralash jarayonlarida jami 6 mingdan ortiq talabgorlar ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 1230 nafari 6 sentabrda bo‘lgan imtihonda qatnashdi. Bunda nomzodlardan eng kamida 6 ball IELTS sertifikati talab qilindi. Imtihon Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan o‘tkazildi. Va 200 nafar o‘quvchi tanlab olindi, ularning barchasi grant asosida o‘qishga qabul qilindi», — deydi agentlik rahbari 19 oktyabr kuni o‘tkazilgan universitet taqdimotida.

Foto: Kun.uz

Bu yil o‘quv jarayonlari qayerda boshlanishi haqida Yangi O‘zbekiston universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Elyorjon Jumayev to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, hozircha Yangi O‘zbekiston universitetiga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti binosining bir qismi ta’mirlab topshirildi. Keyingi o‘quv yilidan darslar Toshkent shahridagi Prezident maktabi binosi yonida qurilayotgan yangi binoda boshlanadi.

Elyorjon Jumayev / Foto: Kun.uz

«Kelasi yildan universitetda yangi o‘quv bo‘limlari ham ochiladi. Asosan ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilgan materialshunoslik, kimyo muhandisligining neft-gaz, mashinasozlik, bundan tashqari, biznes boshqaruvi bo‘yicha ham yo‘nalishlar ochiladi. 2025 yildan boshlab 8 ming nafar talabani qabul qilishni reja qilganmiz», — dedi Elyorjon Jumayev.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Mavzuga oid