Jamiyat | 12:36 / 21.10.2021
12635
5 daqiqa o‘qiladi

“Farzand asrab olish jarayoni qiyinligi odamlarni bola sotib olishga majbur qilmoqda” – Rustam Jo‘rayev

Senatning XX yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general mayor Rustam Jo‘rayev talabgorlarning farzandlikka oluvchilar ro‘yxatida yillab navbatda turishlari, amaldagi tartibning qiyinligi odamlarni noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olishga majbur qilayotganini ta'kidladi.

Rustam Jo‘rayev / Foto: Senat axborot xizmati

«Prezident farmon va qarorlari asosida Milliy gvardiyaga respublikadagi mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari va uylari biriktirilgani, “SOS” bolalar mahallalari bilan hamkorlik qilish vazifasi yuklatilganidan so‘ng o‘tkazilgan o‘rganishlarimiz davrida bolani farzandlikka olish istagida yurgan ota-onalar soni haddan tashqari ko‘pligi aniqlangan. Jumladan, respublikada faoliyat yuritayotgan 13 ta bolalar uylarida jami 504 nafar bola tarbiyalanayotgan bo‘lsa, ularni farzandlikka olish uchun hozirgi kunda navbatda 5792 nafar fuqaro turganini ko‘rishimiz mumkin.

Fuqarolar yillar davomida farzandlikka oluvchilar ro‘yxatida navbatda turishlari ular tomonidan qonuniy hujjatlar rasmiylashtirish jarayonini chetlab o‘tib, noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olish darajasiga yetib bormoqda. 2017−2021 yillar mobaynida bola savdosi bo‘yicha 206 ta jinoiy holat aniqlangan. “Zo‘rTV” telekanali bilan birgalikda “Farzandim jigarbandim” ko‘rsatuvi namoyish etilgandan so‘ng, fuqarolarning murojaatlari keskin oshdi. Shu sababli Milliy gvardiyada Call-center tashkil etishga majbur bo‘ldik.

Hozir bolani farzandlikka olish masalasida kuniga o‘rtacha 53 tadan ortiq murojaat bo‘lmoqda. 20 kun ichida jami 1057 nafar fuqaro murojaat qildi. Ularga maslahat berib, to‘g‘ridan to‘g‘ri muassasalar bilan bog‘layapmiz va nazoratga olyapmiz. Hozirgi kunda mehribonlik.uz saytini tashkil etish jarayonidamiz va yaqin kunlarda test rejimida ishga tushiramiz”, deya Rustam Jo‘rayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Milliy gvardiya qo‘mondoni avgust oyidan buyon mehribonlik uylaridagi bolalar soni 670 nafarga kamayganini ma'lum qildi.

«Joriy yilning avgustida yetim bolalar tarbiyalanayotgan muassasalarda ikki yarim mingdan ortiq bola bo‘lgan bo‘lsa, hamkorlikda olib borilgan ishlarimiz natijasida ularning soni 670 nafarga kamaydi. Shundan 69 nafari o‘z ota-onasiga qaytarildi, 28 nafari yaqin qarindoshlariga vasiylik belgilanib, tarbiyaga berildi, 88 nafari esa bola olishga xohish bildirgan fuqarolar tomonidan asrab olindi, 229 nafari yangi tashkil etilgan 37 ta bolalar uylariga berildi. Hozirda muassasalarda 1851 nafar bola saqlanmoqda va tarbiyalanmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, rivojlangan davlatlar amaliyotida internat tipidagi muassasalar faoliyati ancha yillar oldin butunlay tugatilgan bo‘lib, davlat va mas'ul tashkilotlar tomonidan yetim bolalarni oilaviy bolalar uylariga joylashtirish hamda juda qisqa muddatlarda ularga yangi oila topish choralari ko‘riladi. Bu tizim orqali bitiruvchilar keyingi shaxsiy, oilaviy hayotida va mehnat faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli muammolar borasida tutingan ota-onalardan yaqindan yordam so‘rash, maslahatlar olish bilan birga, o‘rtalaridagi oilaviy munosabatlarni umrining oxirigacha saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, oiladagi an'analar va urf-odatlarning davom etishiga zamin yaratiladi», – deydi Rustam Jo‘rayev.

Avvalroq Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining 4 dekabrdagi yig‘ilishida Tanzila Norboyeva qonuniy tartibda farzand asrab olish jarayonidagi byurokratiya va boshqa to‘siqlar chaqaloq savdosining avj olayotganiga sabab bo‘layotgani, hozirgi holatda farzand asrab olmoqchi bo‘lganlar o‘rtacha 18 yil navbat kutishiga to‘g‘ri kelishini aytgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 200 nafar bola farzandlikka berilmoqda, farzand asrab olish uchun 2018–2019 yillarda 1,9 ming, 2020 yilda esa 1,5 ming kishi vasiylik va homiylik organlarida navbatda turgan.

Oxirgi 5 yilda respublikamizda odam savdosi jinoyatlari 6 baravarga kamaygani holda chaqaloq va bolalar savdosi salmog‘i har yili surunkali ravishda oshib bormoqda. Xususan, O‘zbekistonda 2018 yilda odam savdosi jinoyatlari ichida chaqaloq savdosining ulushi 28 foizni, 2019 yilda 44 foizni tashkil etgan, chaqaloq sotib oluvchi shaxslar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda bola asrab olishdagi murakkabliklar tufayli bu ishga qo‘l urishganini aytishgan.

2017 yilda 4 ming nafar bola sud tartibida farzandlikka olingan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 4,1 mingtani, 2019 yilda esa 4,3 mingtani tashkil etgan.

Mavzuga oid