O‘zbekiston | 17:06 / 22.10.2021
6592
4 daqiqa o‘qiladi

Ikki yilda eskirgan qonun. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun yangilanayotganiga izoh berildi

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev Kun.uz'ga bergan intervyusida 2019 yilning 8 yanvarida kuchga kirgan “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri nima uchun ishlab chiqilgani, qabul qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan hujjat qaysi omillarga ko‘ra yangilanayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 10 yil davomida muhokama qilingan, bir necha bor qayta ishlangan, ekspertlar ko‘rigidan o‘tgan edi. Lekin ochig‘i, 2019 yili kuchga kirgan bo‘lsa, o‘sha yilning so‘ngida qonunning joylardagi ijrosini o‘rgana boshladik. U paytda hali Adliya vazirligida Ma’muriy tartib-taomillar boshqarmasi yo‘q edi, lekin vazirlik o‘zi bu qonunning ishlash darajasini o‘rganganda amaliyot bilan bog‘liq juda ko‘p savollar chiqdi.

Hozir bu qonun ishlayapti, ammo amaldagi qonunning bitta kamchiligi – muayyan bir tartib-taomil boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan taqdirdagina “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan normalar qo‘llanadi. Yangilanayotgan qonunda ushbu tamoyil butunlay o‘zgarmoqda. Ya’ni ushbu qonun ayni yo‘nalishda ustuvor hujjatga aylanadi va boshqa qonun hujjatlari “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunga mos bo‘lishi kerak. Shundagina u ishlaydi.

Foto: Kun.uz

Amaliyotni o‘rganganimizda boshqa masalalar ham chiqdi. Senat bilan birga ushbu yo‘nalishdagi vazirlik va idoralar faoliyatini o‘rganganimizda ham ochiq qolgan qator savollar chiqdi. Ochig‘i, hali joylarda bu qonunni qo‘llashga vakolatli soha vakillari yetishmaydi. Bundan tashqari, ayrimlar qonunning tili og‘ir deb aytishadi. Qonunning yangi tahririda mana shu kamchiliklar ham inobatga olingan”, – dedi Xudoyor Meliyev.

Adliya vaziri o‘rinbosari qonunning yangi tahriri xorijlik ekspertlar bilan birgalikda ishlab chiqilgani, qonun loyihasi hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilganini ma’lum qildi.

“Bu yangi qabul qilingan, shu sababli uni qayta ko‘rib chiqish, o‘zgartirish noto‘g‘ri bo‘ladi degan tushunchadan yiroqmiz. Sababi islohotlar jadal ketyapti, huquqiy munosabatlar o‘zgarmoqda. Parlamentimiz vakillari bilan birgalikda “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning yangi loyihasi ustida ishladik. Ushbu ishlar oxiriga yetdi va qonun loyihasi hukumatimiz tomonidan parlament quyi palatasiga kiritildi.

Foto: Kun.uz

Yangilanayotgan qonun nafaqat hajm jihatdan, balki mazmun jihatdan ham boyidi. Ayrim prinsiplarni qo‘llash bo‘yicha savollar bor edi, bu savollarga javob topishga harakat qildik. Masalan, ishonchni himoya qilish prinsipi. Xorijlik ekspertlar, xususan, nemis qonunshunoslari bilan birga ishladik. Xorijiy mamlakatlarda ma’muriy tartib-taomillar sohasida uch yil davomida kuzatilgan tendensiyalar, ijobiy o‘zgarishlardan foydalangan holda bu qonunni boyitishga harakat qildik. Maqsadimiz – bu qonunda belgilangan prinsiplarni ishlaydigan darajaga yetkazish”, – deya tushuntiradi Xudoyor Meliyev.

Eslatib o‘tamiz, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yil 8 yanvar kuni imzolangan edi. Rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 12 oy o‘tib, ya’ni 2019 yilning 8 yanvaridan kuchga kirgan qonunning maqsadi – ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat.

Mavzuga oid