Jahon | 21:55 / 22.10.2021
46300
19 daqiqa o‘qiladi

Qazzofiyning hayoti va o‘limi. 10 yil avval uni nega ag‘darishgandi?

Liviya diktatori Muammar Qazzofiy roppa-rosa 10 yil muqaddam o‘ldirilgan. Mamlakat o‘shandan buyon siyosiy inqirozdan chiqa olmayapti. Liviyada barqaror hukumat tuzilishiga nima to‘sqinlik qiladi?

REUTERS/Zohra Bensemra

«Biz butun dunyoga Qazzofiy inqilob tufayli ag‘darilganini e'lon qilamiz. Liviyadagi tiraniya va diktaturaga yakun yasaldi», degandi 2011 yil 20 oktyabrida O‘tish davri milliy kengashining yuqori martabali vakili Abdul Hafiz Goga qochqindagi hukmdor Muammar Qazzofiyning halok bo‘lgani haqida ma'lum qila turib.

Diktatorning tarixi

Muammar 1940-yillarda, o‘sha vaqtda Tripolitaniya deb atalgan Italiya mustamlakasida, badaviylar qabilasiga mansub oilada dunyoga kelgan. 1959 yilda Bengazidagi universitetning tarix fakultetiga o‘qishga kirgan, shu yerda marksizm g‘oyalari bilan tanishgan, o‘qishni tamomlagach, 1964 yildan harbiy kollejda tahsil ola boshlagan. Keyinroq Britaniyaga o‘qishga yuborilgan va u yerda tank texnikasini o‘rgangan. Armiyadagi xizmat chog‘ida spirtli ichimliklar ichmasligi va ko‘ngilxushliklarda ishtirok etmasligi bilan ajralib turgan.

Maktab yillaridayoq isyonkor kayfiyatda bo‘lgan, Misrning o‘sha vaqtlardagi yetakchisi Jamol Abdulnosirga havas qilgan va qirol Idris hokimiyatidan norozi yoshlarning maxfiy guruhiga asos solgan Muammar talabalik yillarida «Erkin ofitserlar ittifoqchi-sotsialistlari» tashkilotini tuzadi. U Jamol Abdulnosirning hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida tuzgan «Erkin ofitserlar» tashkilotidan ilhomlangandi.

1969 yilda harbiy davlat to‘ntarishi amalga oshirgan zobitlar fitnasiga boshchilik qilgan. Natijada Liviyada monarxiya tugatilib, kapitan Qazzofiy hokimiyatga keladi.

1969—1971 yillarda Qazzofiy hukumati xorijiy banklarni hamda xorijliklarga tegishli bo‘lgan yer mulklarini milliylashtiradi. Shuningdek, davlat xorijiy neft kompaniyalarni to‘liq yoki qisman o‘ziga bo‘ysundiradi. 1973 yildan Qazzofiy o‘z rejimining barcha siyosiy raqiblarini tozalashni o‘z ichiga olgan madaniy inqilob harakatini boshlaydi. Liviya rivojlanishning alohida yo‘lini tanlagani e'lon qilinadi — boshqaruvning Jamaxiriya shakli e'lon qilinadi. Ko‘p yillar mobaynida armiya, davlat apparati va qishloqlardagi aholi diktator tayanchi bo‘lib keladi.

Tashqi siyosatda esa, hokimiyatga kelishi bilanoq Qazzofiy Liviyani qo‘shni arab davlatlari bilan yaqinlashtirish yo‘lidan boradi. Shu bilan birga, bu 1976 yilda Misr bilan qisqa muddatli urush olib borilishiga xalal qilmaydi. Uganda-Tanzaniya urushi vaqtida Qazzofiy bir necha ming liviyalik harbiylarni ugandalik diktator Idi Aminga yordam uchun yuboradi.

Ichki siyosatda Qazzofiy o‘z rejimining barcha raqiblariga nisbatan o‘ta beshafqatligi bilan ajralib turardi. U fitnalar va davlat to‘ntarishiga har qanday urunishlarga qarshi qattiq kurashgan, bunday harakatlar xorijlik kuchlar tomonidan moliyalashtirishiga ishonchi komil edi. Mamlakatda siyosiy partiyalar va muxolif guruhlar taqiqlanadi. Liviya qonunchiligi ish tashlashlar va namoyishlarga ruxsat bermaydi, OAV ustidan qat'iy nazorat o‘rnatiladi.

1969 yildan 1994 yilgacha bo‘lgan davrda Qazzofiy rejimiga qarshi chiqqan 343 liviyalik halok bo‘lgani rasman tasdiqlangan, ulardan 312 nafari Liviya hududida (84 kishi qamoqda vafot etgan, 50 kishi inqilobiy tribunallar hukmiga ko‘ra jamoat joylarida otib o‘ldirilgan, 148 kishi aviahalokatlar, avtohalokatlar va zaharlanishlar oqibatida olamdan o‘tgan, yana 20 kishi rejim tarafdorlari bilan qurolli to‘qnashuvlar vaqtida o‘lim topgan, to‘rt kishi xavfsizlik xizmati agentlari tomonidan otib ketilgan, olti kishi esa tibbiy yordam ko‘rsatish rad etilgani tufayli jon bergan).

Qazzofiy turli terrorchi tashkilotlarga homiylik qilgan, siyosiy maqsadlarda raqiblarni o‘ldirish va o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan. AQSh Liviya rejimini kamida 45 mamlakatning ichki ishlariga aralashishda ayblagan hamda Liviyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatiga kiritgan. Masalan, 1986 yilda G‘arbiy Berlindagi amerikalik harbiylar orasida mashhur bo‘lgan diskotekada portlash sodir etilgan. Natijada uch kishi halok bo‘lib, 200dan ortiq kishi yaralangan. Portlash Liviya maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilganiga oid belgilar aniqlangan.

Ammo Liviya maxsus xizmatlari uyushtirgan eng qonli terakt 1988 yilda ro‘y bergan. Shotlandiyadagi Lokerbi shaharchasi osmonida Londondan Nyu-Yorkka parvoz qilgan Boeing 747 rusumli yo‘lovchi samolyot portlatilishi oqibatida 270 kishi halok bo‘lgan. Keyingi yili Niger havo kengliklarida Brazzavildan Parijga uchayotgan DC-10 samolyoti portlatilib, 170 kishi o‘ldirilgan. Tekshiruvlar bu jinoyatlarga Liviya razvedka xizmati aloqadorligini ko‘rsatgan.

Qazzofiy go‘zal qizlardan tuzilgan tansoqchilari qurshovida Kiyevdagi safari vaqtida, 2008 yil

Qazzzofiy ikki marta uylangan bo‘lsa-da, u atrofida yosh va go‘zal qizlarni olib yurishni yoqtirgan. Xususan, Liviya diktatorining qo‘riqchilari shunday qizlardan iborat edi. Qazzofiyning farzandlari ko‘p edi, ularning ayrimlariga yuqori lavozimlar berilgan. Masalan, beshinchi o‘g‘il, Mu'tasim Billa Qazzofiy — milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi hisoblangan. Muammar juda ekssentrik yetakchi sifatida ham ajralib turgan. U badaviylarga xos kiyingan va chodirda yashagan, hatto xorijiy safarlarda ham chodirini olib yurgan, milliy kiyimda bo‘lgan, shu orqali xalqqa yaqinligini ko‘z-ko‘z qilishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, u tez-tez harbiy formada ko‘rinish bergan.

Sanksiyalarga qaramay, Qazzofiyning rejimi, diktaturani qisman yumshatgan holda 2011 yilga qadar yashadi. 2011 yil 15 fevralida Bengazida 1996 yilda o‘ldirilgan mahbuslarning qarindoshlari to‘planadi, ular advokat va huquq faoli Fathi Tarbelning ozod etilishini talab qilishadi. Tarbel ozod etiladi, ammo namoyishchilar bundan qanoatlanmay, xavfsizlik kuchlariga hujum qiladi. Qo‘shni Tunisdagi voqealardan ilhomlangan liviyaliklar mamlakatni 42 yildan buyon uzluksiz ravishda boshqarib kelgan diktatorga qarshi oyoqqa turadi.

Keyingi kuni isyonchilarga qarshi katta kuch tashlanadi, ammo namoyishchilar safi kengayib boradi, Al-Baydada mahalliy politsiya ular tomoniga o‘tadi, keyin Bengazi ham hukumatga qarshi kuchlar tasarrufiga olinadi, shundan so‘ng poytaxtda tartibsizliklar boshlanadi. Bir necha kun ichida mamlakatning sharqiy qismi namoyishchilar nazoratiga o‘tadi. Endi muxolifatchilar polkovnik Qazzofiyning iste'fosini talab qilishar edi.

2011 yil martida BMT Liviyada xalqaro kuchlar tomonidan harbiy amaliyot o‘tkazilishini ma'qullaydi, undan maqsad, birinchi navbatda tinch aholini himoya qilish bo‘lishi kerak edi. NATO kuchlarining mamlakatga kirishi va Qazzofiyga sodiq bo‘lgan kuchlarga qarshi kurash olib borishi diktatorning pozitsiyasini sezilarli darajada zaiflashtiradi.

Sentabr oyida ko‘plab jinoyatlarda ayblangan diktator Interpol qidiruviga beriladi. Bu vaqtda Liviya hududida shiddatli harbiy harakatlar davom etayotgandi. Poytaxt taslim bo‘lishi arafasida Qazzofiy Liviya shimolida joylashgan, Tripolidan 450 kilometr masofadagi Sirt shahriga qochadi. Bu yerda u o‘z atrofidagi odamlardan NATO havo kuchlarining zarbalari tufayli ayriladi. Isyonchilar qurshovida qolgan diktator kanalizatsiya quvuri orqali qochishga urinadi, ammo asir olinadi va shu yerdayoq shafqatsiz ravishda samosud qilib, o‘ldiriladi. Shu tariqa, Sirtda tug‘ilgan Muammar shu yerda sharafsiz o‘lim topadi.

Qazzofiyning ag‘darilishi sabablari

Liviya bo‘yicha ekspert, Hamburgdagi Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti xodimi Hager Ali DW bilan suhbatda Liviya xalqining asosiy qatlami Qazzofiy olib borgan siyosatdan noroziligining asosiy sabablari birinchi navbatda ijtimoiy va iqtisodiy xarakterda bo‘lganini qayd etadi. Avvalo, gap oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketgani, yoshlar orasida ishsizlik darajasi haddan tashqari yuqoriligi haqida ketadi.

Liviyaliklarning boshqa talablari demokratlashtirish va Qazzofiy davrida inson huquqlari qo‘pol ravishda buzilishiga oid holatlarning tekshirilishi bilan bog‘liq istaklar edi. 1996 yilda Tripolidagi Abu-Salim qamoqxonasidagi qirg‘in vaqtida turli baholarga ko‘ra 1200dan 1700 nafargacha kishi o‘ldirilgan. «Bu jinoyat Qazzofiy boshqaruvining barcha davrlarini ifodalay oladi», deya qayd etadi Ali.

Zolim tiran ag‘darilganidan keyin yangi hayot boshlanishi uchun umidlar yuksak edi. Ammo o‘shandayoq BMT bosh kotibi bo‘lgan Pan Gi Mun ogohlantirgandi: «Liviya va uning aholisi uchun ochilgan yo‘l tikanli va qiyinchiliklarga to‘la bo‘ladi». Uning so‘zlariga ko‘ra, «liviyaliklar kelajak berayotgan va'dalarga faqat milliy birlik va kelishuvchanlik orqali erishishi» mumkin edi.

Liviyadagi fuqarolik urushi

Ammo yarashish umidlari puchga chiqdi: 2014 yilda mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Hager Alining so‘zlariga ko‘ra, buning sabablari asosan Qazzofiy yaratgan hokimiyat apparati bilan bog‘liq. Chunki liviyalik diktator isyondan juda qo‘rqqan va yuqori martabali harbiy amaldorlarni o‘ziga yaqin olishga, muhim lavozimlarga ularni va o‘z oilasi a'zolarini tayinlashga harakat qilardi.

«O‘z muhofazasi uchun u yollanma askarlardan foydalangan, kichikroq mansabdagi harbiy boshliqlarga deyarli vakolat bermagan», deya davom etadi ekspert. Bunday sharoitlarda alohida guruhlar o‘rtasida raqobat boshlanib ketgan va bunday qarama-qarshilik Qazzofiyning o‘limidan so‘ng ham davom etgan.

Bu orada diktatorni ag‘darishdek umumiy istak bilan tuzilgan ittifoqlar parchalanib ketgan. Hatto bir necha bor saylovlar o‘tkazilishi ham Liviyadagi aholining turli guruhlari o‘rtasidagi ziddiyatlarni hal qilishga qodir bo‘lmagan. «Buning sababi shundaki, mamlakatda siyosiy muloqot tashkil etishga qobil bo‘lgan fuqarolik jamiyatining o‘zi yo‘q edi», deb hisoblaydi Hager Ali.

Barbod bo‘lgan davlatchilik

Bu inqilob Liviya boshiga muvaffaqiyatsizlikka uchragan davlat qismatini olib keladi: bu yerdagi davlat hokimiyatchiligi parchalanib ketadi. Ko‘p o‘tmay mamlakatda qo‘shhokimlik yuzaga keladi: biri Tripolida, ikkinchisi sharqiy chegaralar tomonda - Tobruk shahrida.

Bu orada o‘z manfaatlarini himoya qilish yoki ilgari surish maqsadida Liviyadagi fuqarolik urushiga ko‘plab xorijiy davlatlar aralashadi, jumladan, Rossiya, Turkiya, Misr va BAA.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Milliy kelishuv hukumati rahbari Foiz Saroj bilan ittifoq tuzib, Liviyaning O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlaridagi gaz zaxiralarini qazib olish huquqini qo‘lga kiritishga harakat qiladi.

Rossiya, Misr va BAA esa Liviya milliy armiyasi bosh qo‘mondoni, feldmarshal Xalifa Haftar ta'siridagi Tobruk muvaqqat hukumatini qo‘llaydi.

Bu ittifoq evaziga Qohiradagilar «Birodar musulmonlar» kabi radikal guruhlarni tiyib turish hamda ularning ta'siri mamlakatga yoyilishining oldini olishni maqsad qilgandi.

Rossiya nima uchun Haftarni qo‘llagan?

O‘z navbatida Rossiya Haftarda o‘zining ushbu mintaqadagi manfaatlari himoyasi uchun ittifoqchi qiyofasini ko‘radi. U harbiy yordam evaziga Moskvaga mamlakatdagi energetika bozori uchun yo‘l ochib berishni, shu jumladan Tobruk va Derne portlaridan foydalanish imkoniyatini va'da qilgandi.

Tripoli tarafida bo‘lib kelgan Yevropa Ittifoqi uchun esa birinchi navbatda Liviya qochqinlar oqimining manbayiga aylanishiga yo‘l qo‘yilmasligi muhim edi. 2020 yil fevralida Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas qo‘shni davlatlar Liviyada tinchlik o‘rnatilishi uchun muzokaralar o‘tkazishi kerakligini aytgandi.

Liviya mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarga mamlakatda inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangani sabab BMT maxsus elchilari dushman tomonlar muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun tinimsiz kurashib kelishdi. Nihoyat buni uddalashdi, 2020 va 2021 yillarda Berlinda Liviya masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan ikki konferensiya yakunlariga ko‘ra tomonlar Abdul Hamid Dbeybuni vaqtincha bosh vazir sifatida tan olishdi. 2021 yil fevralidagi kelishuvga ko‘ra mamlakatda joriy yil dekabrida prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, keyinroq parlament saylovlari 2022 yil yanvariga ko‘chirildi.

Liviyaning hal qilinmagan muammolari

Liviya bo‘yicha ekspert Hager Ali bugungi kunda mamlakatda hal qilinmagan behisob muammolar borligini qayd etadi. Shulardan biri - qurolli kuchlarni kim nazorat qilishi bo‘yicha aniq reja yo‘qligi. Boshqa tomondan, Liviyada bir necha qurolli guruhlar harakatlanadi, ular saylovlar natijalarini tan olishdan bosh tortishi mumkin. «Bunday sharoitda hokimiyatning o‘tkazilishi juda tahlikali jarayonga aylanadi», deydi u.

Bunday vaziyatda demokratiya, siyosiy barqarorlik va tashqi kuchlar ta'siridan mustaqil bo‘lish Muammar Qazzofiyning vafotidan 10 yil o‘tib ham Liviya uchun erishilgan maqsad emas, amalga oshishi qiyin bo‘lgan orzu bo‘lib qolaveradi.

Qazzofiyga qarshi kurashda ishtirok etgan jangchi OAV vakillariga Sirtda qo‘lga kiritgan o‘ljasi - Muammar Qazzofiyning tilla to‘pponchasini ko‘rsatmoqda, 2011 yil 20 oktabr. REUTERS/Thaier al-Sudani
Qazzofiyning muxoliflaridan biri u Sirtda qo‘lga olinishidan oldin yashiringan quvurni ko‘rsatmoqda. REUTERS/Thaier al-Sudani
Muammar Qazzofiy Lissabonda o‘tgan YeI-Afrika sammiti vaqtida Panafrika parlamentining tanzaniyalik  prezidenti Gertruda Mongella bilan suhbatlashmoqda. 2007 yil 8 dekabr. REUTERS/Andrea Comas
Qazzofiy AQShdan kelgan jurnalist ayollarni o‘zining badaviylarga xos chodirida kutib olgan va ularga oilasini tanishtirgan, 1986 yil 12 yanvar. Reuters/Kate Dourian
Qazzofiy Yevropa komissiyasi prezidenti Romano Prodining ofisi devoriga o‘rnatilgan surat oldidan o‘tmoqda, 2004 yil 27 aprel. REUTERS/European Commission/HO
Muammar Qazzofiy Minsk markazidagi G‘alaba maydonida urush qurbonlari xotirasi uchun guldasta qo‘yish marosimida. 2008 yil 3 noyabr. REUTERS/Vasily Fedosenko
Muammar Qazzofiyning rafiqasi Sofiya Qazzofiy badaviylar chodirida bolalari bilan. 1986 yil 12 yanvar. REUTERS/Kate Dourian
Polkovnik Qazzofiy Bob Aziz Iyya shahridagi chiqishida minglab tarafdorlariga qo‘l silkimoqda. U o‘shanda Qo‘shma Shtatlar siyosatini qoralagandi. 1986 yil 28 mart. REUTERS/Rob Taggart
Misr prezidenti Husni Muborak Liviya yetakchisi Muammar Qazofiy bilan chegaradagi Mersa Matruh shahrida uchrashuvda. 1989 yil 16 oktabr. REUTERS/Frederic Neema
Muammar Qazzofiy amerikaliklarning mamlakatdagi bazasi evakuatsiya qilinganining 40 yilligiga bag‘ishlangan marosimda chiqish qilmoqda, Tripoli, 2010 yil, 12 iyun. REUTERS/Ismail Zetouny
Muammar Qazzofiy Tunisda uch kun davom etgan Mag‘rib arab davlatlari ittifoqi sammiti yakunida o‘z tashqi ishlar vaziri Jaddalloh Azzuz al-Talhini tinglamoqda. 1990 yil, 23 yanvar. REUTERS / Frederic Neema
Tripolining asosiy ko‘chalaridan biridan mingta tank olib o‘tilgan. 1994 yil 1 sentyabrida Muammar Qazzofiy o‘z boshqaruvining 25 yilligini tantanali nishonlagandi. REUTERS/Stringer
Muammar Qazzofiy Afrika-Janubiy Amerika sammiti yig‘ilishi vaqtida Afrika ittifoqi bayrog‘ini ko‘zdan kechirmoqda. Margarita oroli, 2009 yil 27 sentabr. REUTERS/Carlos Garcia Rawlins
BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi vaqtidagi tushlik dasturxonida Muammar Qazzofiy uchun ajratilgan joy. Nyu-York, 2009 yil 23 sentabr. REUTERS/Patrick Andrade
Muammar Qazzofiy Rimdagi Auditorium Hollda biznes-ledilar bilan uchrashuvni tark etmoqda. 2009 yil 12 iyun. REUTERS/Alessandro Bianchi
Qazzofiyning qarorgohi yaqinida o‘rnatilgan monument, unda amerikaliklar harbiy samolyotini g‘ijimlayotgan musht tasvirlangan. 2001 yil 1 fevral. REUTERS/File
Polkovnik o‘z qarorgohi yaqinida jurnalistlar bilan suhbatlashmoqda, 2001 yil 5 fevral. 1986 yilda amerikalik harbiylar prezident Ronald Reygan topshirig‘i bilan ushbu hududda portlash sodir etishgandi. REUTERS/File
Qazzofiy Rimdagi aeroportda o‘z uniformasidagi suratni jurnalistlarga namoyish etmoqda. 2009 yil 10 iyun. Suratda liviyalik partizanlar yetakchisi Umar al-Muxtor mustamlakachi Italiya armiyasi harbiylari tomonidan hibsga olingani aks etgan. Al-Muxtorning o‘g‘li ushbu safarda Qazzofiyga hamrohlik qilgan. REUTERS/Alessandro Bianchi
Venesuela prezidenti Ugo Chaves Qazzofiyning limuzinini haydamoqda, ular 2009 yil sentyabrida Margarita orolidagi sammitda ishtirok etish uchun kelishgandi. REUTERS/Miraflores Palace
Qazzofiy Sebha sahrosidagi demokratiya to‘g‘risidagi debatda britaniyalik sotsiolog Entoni Giddens hamda amerikalik politolog Benjamin Berberning so‘zlarini tinglamoqda. Bu uchrashuvda ko‘p yillar izolyatsiyada bo‘lgan mamlakatning xalqaro aloqalarni tiklashi istiqbollari muhokama qilingandi. 2007 yil 2 mart. REUTERS/Louafi Larbi
Belgiya politsiyasi badaviycha chodirni qo‘riqlamoqda. O‘shanda Qazzofiy ikki kunlik tashrif bilan Bryusselga kelgandi. 2004 yil 27 aprel. REUTERS/Francois Lenoir
Qazzofiy BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi chiqishi chog‘ida tanaffus qilmoqda, orqa fonda 64-sessiyaga prezidentlik qilgan liviyalik Ali Abdul Salom Treki. Nyu-York, 2009 yil 23 sentabr. REUTERS/Mike Segar
Prezident Obama Italiyaning Akvila shahrida o‘tkazilgan  G8 sammiti vaqtidagi tushlikda Qazzofiy bilan to‘qnashdi. 2009 yil 9 iyul. REUTERS/Alessandro Bianchi
Qazzofiy Damashqdagi arab davlatlari sammiti ochilishi arafasida choy ho‘plamoqda. 2008 yil, 29 mart. REUTERS / Ahmed Jadallah
Qazzofiy o‘sha vaqtda Venesuela tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Nikolas Maduro bilan gaplashmoqda. Margarita orolidagi sammit, 2009 yil 25 sentabr. REUTERS/Jorge Silva
1986 yilgi portlashdan keyin Qazzofiy qarorgohining ichki ko‘rinishi. O‘shanda Reygan Tripolini G‘arbiy Berlindagi tungi klubda amalga oshirilgan portlash uchun ayblagandi - portlashda ikki nafar amerikalik askar halok bo‘lgan. Surat 1999 yil 2 dekabrda olingan. REUTERS/File
Qazzofiy Afrika-Janubiy Amerika sammiti yig‘ilishidan oldin ko‘zoynagini to‘g‘rilamoqda, Margarita oroli, 2009 yil 27 sentabr. REUTERS/Carlos Garcia Rawlins
Qazzofiy davlat televideniyesi orqali chiqish qilmoqda, 2011 yil 22 fevral. REUTERS/Libya TV via Reuters TV
Odamlar Muammar Qazzofiyning Misratdagi uyda turgan jasadi fonida suratga tushishmoqda. 2011 yil 20 oktabr. REUTERS/Thaier al-Sudani

Mavzuga oid