Jahon | 20:46 / 23.10.2021
57869
12 daqiqa o‘qiladi

“Amerika orzusi” yo‘lida jungli oralab: odamlar AQShga borish uchun nimalarga tayyor?

Grin-karta mavsumi boshlanishi bilan, juda ko‘pchilik yana Amerika orzusiga sho‘ng‘idi. Bu davlatga borish ishtiyoqi shu qadar kuchliki, ko‘pchilik jonini xatarga qo‘yishdan ham toymasligi yangilik emas. Ammo vatandoshlarimiz orasida faqat o‘zini emas, hatto bolalarini ham xatarli yo‘llardan olib o‘tishga urinayotganlar borligi hayratlanarli.

Foto: AP Photo/Fernando Vergara

Ijtimoiy tarmoqlarda qator videolar tarqaldi. Unda Jungli o‘rmonlari bo‘ylab balchiq yo‘llarda harakatlanayotganlar tasvirlangan. Ulardan biri, asli samarqandlik ekani aytilgan inson tojikcha so‘zlar bilan Amerikaga borishda bu yo‘ldan bepul bo‘lsa-da foydalanmaslikni tavsiya qiladi.

Ikkinchi videoda esa bir ayol shu mazmundagi so‘zlarni aytadi, faqat bu lavhada yosh bolalar ham ko‘rinadi.

Amerikaga intilish tarixi

Bu davlatga intilish ancha ko‘hna tarixga ega. Kashf etilganidan keyin uzoq yillar “Yangi dunyo” deb atalgan qit'a dastlab oltin vasvasasi tufayli, keyinchalik chegarasiz unumdor yerlar bilan va nihoyat taraqqiyot hamda katta daromad manbayi sifatida o‘ziga ohanraboday tortib kelmoqda. Boshqa davlatlardagi qashshoqlik, konservatorlarcha tizimlar, yangi g‘oyalar qo‘llab-quvvatlanmasligi sabab har yili millionlab insonlar AQShga borishga harakat qilishadi.

Qo‘shma Shtatlar davlat sifatida shakllangan dastlabki yillarda xorijiy fuqarolar ko‘chib kelishiga birorta monelik bo‘lmagan, aksincha, muhojirlik ko‘p jihatdan qo‘llab-quvvatlangan. AQSh davlat sifatida shakllangandan keyingi bir necha asr aynan migrantlar aholi o‘sishining asosiy manbasi bo‘lib kelishgan.

Ko‘pchilik Amerika deganda inglizzabon davlatni tasavvur qiladi. Ammo asrlar davomida ispan, nemis, fransuz, irland tillari ham bu davlatda asosiy til sifatida ishlatib kelingan va hatto aksariyat hududlarda ingliz tilini bilishmagan ham.

Ammo keluvchilar tarkibida keskin o‘zgarish bor. 19-asr oxirida muhojirlarning 85 foizi Yevropa davlatlaridan kelgan bo‘lsa, 20-asr oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 22 foizga tushib ketdi. Osiyo va Lotin Amerikasidan keluvchilar esa, aksincha, bu davr oralig‘ida 2,5 foizdan 68 foizga qadar ko‘tarildi.

Shuningdek, deportatsiya qilinganlar ko‘rsatkichi ham keskin orta boshlagan. 1990 yilda turli sabablarga ko‘ra 30 ming kishi AQShdan badarg‘a qilingan bo‘lsa, 2013 yilga keliboq bu ko‘rsatkich 440 ming kishiga yaqinlashdi.

Vaqtlar kelib Amerikaga muhojirlar oqimi shu qadar kuchayib ketdiki, davlat buni tartibga solish haqida o‘ylay boshlaydi. Taqiqlar qo‘yildi, viza tizimi joriy qilindi, chegaralar mustahkamlandi. To‘siq qo‘yilgan ondan boshlab uni aylanib o‘tish yo‘llari ham qidirila boshlandi va bu jarayon hanuz davom etmoqda.

Meksika koyotlari

Foto: Tomas Bravo/Reuters

AQShga noqonuniy kirib borishda koyotlar xizmati beqiyos. Koyot – aslida bo‘rining bir turi. Asosan cho‘llarda yashovchi bu jonivor nomi AQSh chegarasida odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan ham qo‘llana boshlangan. Koyotlar katta pullar evaziga Amerikaga o‘tkazib qo‘yishni va'da qilishadi va ularni pollero deb ham atashadi.

Bugungi kunda AQShga nelegal migrantlar oqimining deyarli 80 foizi Meksika chegaralari orqali amalga oshiriladi. Buning aniq sababi bor – shimol tarafdan AQSh faqat Kanada bilan chegaradosh, Kanadaga kirish esa AQShga kirishday murakkab. Rossiyaga suv orqali yaqin bo‘lgan Alyaska hududiga hech kim intilmaydi, juda qiyin yo‘l bu.

Janub tomondan esa Meksika bilan 3145 kilometrlik chegara yastanib yotibdi. Asosan cho‘l, dasht va o‘rmonlardan iborat bu masofada nazorat qilinmaydigan yoki sust nazoratdagi hududlar ham borligi koyotlarga qo‘l keladi.

So‘nggi yillarda AQSh chegaralarining qattiq mustahkamlanishi, sobiq prezident Tramp buyrug‘i bilan hatto baland devor qurilishi koyotlar xizmatiga talab ham, to‘lanadigan pullar miqdori ham keskin oshishiga sabab bo‘ldi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, bir vaqtlar narkotik savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhlar ham bu biznesga jiddiy e'tibor qarata boshlashdi.

Koyotlar qo‘llaydigan usullar rang-barang. Eng keng tarqalgan usul – nazoratsiz hududlar orqali AQSh chegarasiga yetkazib qo‘yish. Talablar juda qat'iy bo‘lsa-da, natijaga kafolat berilmaydi. Ya'ni pul to‘liq yoki katta qismi oldindan olinadi, boruvchidan katta kuch talab qilinadi. Zarur paytlarda yugurish, yashirinish va hatto o‘qlarga chap berish zarurati tushuntiriladi.

Tunnellar usuli ham keng qo‘llaniladi. Jinoiy guruhlar bir vaqtlar kontrabanda uchun qo‘llagan yer osti yo‘llari bugungi kunda asosan odam savdosi uchun xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, jarliklarga muvaqqat ko‘priklar qurish, suzib o‘tish, xavfli bo‘lsa-da paraplanlar orqali uchirish, hatto chegaradan maxsus himoya vositalari kiydirgan holda irg‘itib o‘tkazib yuborish ham qo‘llab ko‘rilgan.

Koyotlar o‘z ishini shu qadar tizimli olib boradilarki, har bir bosqichning o‘z egasi bor:

1. Vaketon – chegaradan o‘tish istagida bo‘lganlarni jamlovchi, pullarini kelishuvchi shaxs. Vaketonlar – tizimdagi eng quyi pog‘ona.

2. Chekvador – chekvadorlar jiddiy ishni bajarishadi, chegara hududdagi vaziyatni nazorat qilishadi. Ular texnik jihatdan eng yaxshi qurollangan va muhojirlar harakatini chetdan turib muvofiqlashtirib borishadi.

3. Kuidandero – bular ko‘proq AQSh tomonida turib patrulni chalg‘itish bilan shug‘ullunishadi. Asosan AQSh fuqarolari bo‘lgan yosh bolalar, qo‘lga tushsalar ham jiddiy jazoga tortilishmaydi.

4. Bosslar yoki sotsioslar – har ikki tomonda bo‘lishlari ham mumkin. Butun tizimni nazorat qiluvchi va pulning katta qismining egasi bo‘lgan kriminal avtoritet. Zarur hollarda katta pullar tikib biznesni rivojlantirish choralarini ko‘radi.

Foto: Loren Elliott/Reuters

Ko‘pchilik Meksika chegarasi deganda faqat noqonuniy migratsiyani tushunib qolgan. Lekin bu chegaradan har yili o‘rtacha 350 mln odam va 5 mln avtomobil qonuniy tarzda o‘tib qaytadi hamda bu chegara harakat intensivligi bo‘yicha eng gavjumlaridan biri. Shuningdek, noqonuniy harakatlangan migrantlarning aksariyati ham AQSh hududiga kirishlari bilan qonuniy yo‘llar tuta boshlaydilar – o‘zlarini qochoq deya tanishtiradilar, qiyin ahvoldaligini ko‘rsatishga urinadilar, bolalarini ko‘rsatib shafqat so‘raydilar. AQSh qonunlariga ko‘ra, bunday holatda mamlakat hududidan badarg‘a qilish faqat sud hukmiga ko‘ra amalga oshiriladi. Sudlarda esa bu kabi ishlar tiqilib yotgani uchun jarayon yillarga cho‘zilib ketadi, mahkama belgilangan taqdirda ham migrantlar ko‘p hollarda unga kelishmaydi.

Katta oqimga qaramay, Meksika–AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tish hollari kamaymoqda. 2007 yilda meksikalik noqonuniy muhojirlar umumiy miqdorning 57 foizi(6,9 mln kishi)ni tashkil qilsa, 2017 yilga kelib ularning soni ilk marta umumiy miqdorning yarmidan kamrog‘ini – 4,9 mln kishini tashkil qildi.

O‘zbekistondan AQShga noqonuniy borish ham asosan koyotlarga bog‘liq. Birinchi navbatda, Meksika qo‘shimcha viza talab qilmaydigan davlatlar vizasi (masalan, Shengen vizasi) olinadi. Ikkinchi davlat orqali Meksikaga uchiladi va koyotlarga murojaat qilinadi.

Bu usullardan o‘zbekistonliklar orasida samarqandliklar ko‘proq foydalanishi aytiladi.

Muhojirlik deganda ko‘pchilik o‘z yurtida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelib, ilojsizlikdan xorijga yo‘l olishni tushunadi. Bu o‘rinda vaziyat boshqacha. Noqonuniy yo‘llar bilan bo‘lsa-da AQShga yo‘l olayotganlarning aksariyati u yoki bu sabablar bilan deportatsiyaga uchraganlar va qaytib kira olmayotganlardir. Ularning boyliklari butun umrlariga yetishi mumkin, ammo Amerikadagi tayyor ishlari, muntazam daromadlari har qanday qiyinchiliklarni yengishga undaydi.

Bugungi kunda koyotlar xizmati vaziyatga ko‘ra 30-35 ming dollarga chiqib ketgani bejiz emas.

Xitoydan AQSh sari

Xitoy taraqqiyoti AQShga yo‘l olishni susaytirgani yo‘q. Aksincha, puldor qatlam ko‘paygani yanada yaxshi hayotga intilishni kuchaytirgan. Aksariyat xitoyliklar investitsion dasturlar, ya'ni ma'lum mablag‘larni AQSh iqtisodiyotiga kiritish evaziga bu davlatda muayyan muddat yashash huquqini sotib olishadi. Ammo hamma ham emas, imkoniyati cheklanganlar yoki badarg‘a qilinganlar baribir noqonuniy yo‘llar orqali harakatlanishadi.

Umuman, Xitoydan AQShga ommaviy jo‘nash 1990-yillarda avj olgan. O‘sha paytlarda prezidentlik qilgan va Xitoy davlatchilik tuzumi tanqidchisi bo‘lgan katta Bush har qanday xitoylik AQShga yetib kelsa hamda siyosiy qochqinlik maqomini so‘rasa, rad javobini bermagan. Bu imkoniyat Xitoydan muhojirlar oqimining keskin oshishiga sabab bo‘lgan. O‘sha yillari yo‘lga qo‘yilgan usullar hamon ishlatiladi.

Eng samarali va keng qo‘llanadigani – yuk kemalari orqali suzib borishdir. Muhojirlar bunda 30–40 kunlab sovuq, issiq, ochlik, elementar sharoitsizlikni yengib o‘tishlari lozim. Shuningdek, yuk konteynerlari ichida ketish ham ommalashgan. Yo‘l davomida havo yetishmovchiligi yoki turli kasalliklardan o‘lish ham oddiy holga aylangan.

Ayni paytda qochoqlik maqomi so‘rash ish bermay qo‘ygan. Shunday bo‘lsa-da, o‘z davlatlari ham rivojlanishda ilg‘or bo‘lishiga qaramay, uddaburro xitoyliklar baribir AQShga intilishni davom ettirishyapti.

Boshqa yo‘llar ham bor

AQShga kirish uchun uchinchi davlat sifatida Kuba, Gvatemala, Panama kabi davlatlarni tanlaydiganlar, suv orqali kirishga urinadiganlar ham bor. Ammo bu yo‘llar kam samarali, juda murakkab va o‘ta xavflidir.

Xo‘sh, natija nima bo‘ladi?

Muhojirlarning dunyo bo‘ylab o‘z yurtlariga jo‘natadigan pullari miqdori pandemiyaga qadar yiliga o‘rtacha 600–700 mlrd dollar atrofida bo‘lgan. Bu mablag‘ning salmoqli qismi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Lekin bu faqat jo‘natilgan pullar, aslida Amerikada yashovchi muhojirlarning aksariyati (Rossiyadagilardan farqli ravishda) topgan pullarining katta qismini shu davlatning o‘zida sarflaydilar, o‘zlari, bolalarining ta'lim olishi, ya'ni inson kapitali sifatida rivojlanish uchun sarflaydilar.

O‘zbekistonlik ishchilar

Turli ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda 80 mingdan ortiq hamyurtimiz bor. Ularning faoliyat turi ham juda rang-barang. Bundan 20 yillar oldin o‘zbekistonliklar asosan taksichilik, xo‘jalik ishlari, quruvchilik sohalarida ishlagan bo‘lsalar, 10 yillar oldin bu tendensiya mehmonxonadagi ishlar, umumiy ovqatlanish tarmoqlari sohalariga ko‘chgan.

Bugungi kunga kelib AQShga borayotgan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi yirik transport sohasida o‘z o‘rnini topmoqda va yaxshigina daromad qilmoqda.

Fakt: AQSh shunday davlatki, noqonuniy muhojirlar ham o‘n yillab bemalol ishlab, yashayverishlari mumkin. Kaliforniya kabi shtatlarda hatto noqonuniy muhojirlar advokatlik amaliyoti bilan shug‘ullanib, sudlarda himoyachilik qilgan holatlar ham uchraydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid