O‘zbekiston | 13:01 / 24.10.2021
21410
3 daqiqa o‘qiladi

Saylovlar o‘tgan deb hisoblanishi uchun yetarlicha ovoz berildi - MSK

MSK ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda soat 11:00ga qadar saylovchilarning 33,6 foizi ovoz berdi. 

Foto: MSK

Markaziy saylov komissiyasi soat 11:00ga qadar ovoz bergan saylovchilar ko‘rsatkichini e'lon qildi. Qayd etilishicha, 24 oktabr kuni soat 8:00 va 11:00 oralig‘ida 6 669 552 nafar saylovchi ovoz berishga ulgurgan. Bu umumiy saylovchilarning 33,6 foizini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasiga muvofiq, agar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 33 foizi ovoz berishda ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tgan hisoblanadi.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

«Demak joriy saylovlar o‘tgan deb hisoblanadi va bu bilan barcha saylov jarayoni ishtirokchilarini tabriklaymiz», dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 331 377 nafar (31,7 foiz), Andijon viloyatida 672 733 nafar (37,3 foiz), Buxoro viloyatida 380 751 nafar (34,2 foiz), Jizzax viloyatida 276 640 (35,1 foiz), Qashqadaryo viloyatida 600 528 nafar (32,1 foiz), Navoiy viloyatida 182 989 nafar (29,4 foiz), Namangan viloyatida 609 278 (36,8), Samarqand viloyatida 621 013 nafar (28,3), Sirdaryo viloyatida 177 338 nafar (35,9 foiz), Surxondaryo viloyatida 589 739 nafar (40,2 foiz), Toshkent viloyatida 496 729 nafar (27,6 foiz), Farg‘ona viloyatida 938 937 (41,1 foiz), Xorazm viloyatida 346 804 nafar (32,5 foiz), Toshkent shahrida 444 696 nafar (26,9 foiz) saylovchi saylov huquqidan foydalangan.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Mamlakatda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga jami 19 million 859 ming 127 nafar saylovchi kiritilgan. Ulardan 9 million 459 ming 273 nafarini yoki 48 foizini erkaklar, 10 million 399 ming 854 nafarini yoki 52 foizini ayollar, 6 million 458 ming 283 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Shuningdek, 887 ming 686 nafar saylovchi hamda uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan 8 203 nafar mahkum ham birinchi marta ovoz beradi. 37 ta xorijiy davlatda tuzilgan 54 ta saylov uchastkasida 299 ming 780 nafar saylovchi ovoz berishi mumkin.

Saylovda O‘zLiDePdan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, «Milliy tiklanish»dan partiya yetakchisi Alisher Qodirov, «Adolat» SDPdan partiya rahbari Bahrom Abduhalimov, Ekopartiyadan partiya raisi Narzullo Oblomurodov va XDPdan Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova O‘zbekiston prezidentligi uchun kurash olib borishmoqda.

Mavzuga oid