Jahon | 17:27 / 24.10.2021
4000
2 daqiqa o‘qiladi

Uhan marafoni koronavirus sababli oxirgi lahzalarda bekor qilindi

Xitoyning Uhan shahrida o‘tishi kerak bo‘lgan marafon koronavirusga qarshi kurash doirasida oxirgi lahzalarda bekor qilindi.

Foto: AP Photo/Kin Cheung

26 ming kishi ishtirok etishi kutilgan marafon 24 oktyabrda o‘tishi rejalashtirilgandi, biroq Xitoyda koronavirusga chalinish holatlari yana qayd qilinayotgani sababli uni o‘tkazishdan voz kechishga qaror qilingan.

Ba'zi mahalliy nashrlarning xabar berishicha, kelasi hafta oxiriga rejalashtirilgan Pekin marafonini ham o‘tkazmaslikka qaror qilingan.  

Yevropa OAVda bunday choralar Pekinda 2022 yilgi qishki Olimpiada o‘tkazilishi oldidan ko‘rilayotgani aytilgan.

Xitoy hukumati koronavirusga qarshi keskin kurashishi bilan ajralib turadi: mamlakatning biror yerida kasallanish o‘chog‘i paydo bo‘lishi bilan o‘sha yer aholisini koronavirusga ommaviy tekshirish o‘tkaziladi va lokdaun kiritiladi.

24 oktyabrda Xitoyda 26 ta yangi kasallanish holati qayd qilingan. Hukumat kasallik tarqalmasligiga qarshi tezkor choralar ko‘rmoqda.

2019 yil oxirida Uhanda koronavirus bilan ilk kasallanish holatlari qayd qilingandi. Ushbu shahar hamon koronavirus tarqalishi o‘chog‘i deb taxmin qilinadi.

Mavzuga oid