O‘zbekiston | 09:40 / 25.10.2021
132154
7 daqiqa o‘qiladi

Ko‘z xiralashishi sabablari va uning oldini olish. Shifokor bilan suhbat

“Har 100 bemordan 70-75 nafarida ko‘z xiraligi uchraydi. Koronavirus tarqalishidan oldin bunday bemorlar soni kamroq edi. Lekin kovidga chalinganlarda ham ko‘z xiralashishi paydo bo‘la boshladi”, – deydi shifokor Hikmatulla Sodiqov.

“Ko‘z nuri” klinikasi bosh shifokori Hikmatulla Sodiqov Kun.uz'ning “Sog‘lom hayot” loyihasiga bergan intervyusida bugungi kunda eng ko‘p tarqalgan ko‘z kasalliklaridan biri –ko‘z xiralashishining kelib chiqish sabablari, uni davolash va kasallikdan saqlanish choralari haqida ma’lumot berdi.

Shifokorning aytishicha, ayni paytda ko‘zidan shikoyat qilib kelayotgan bemorlarning 70 foizida ko‘rish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi.

Ko‘rishning xiralashuviga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?

— Hozirda har 100 bemordan 70-75 nafarida ko‘z xiraligi uchraydi. Koronavirus tarqalishidan oldin bunday bemorlar soni kamroq edi. Lekin kovidga chalinganlarda ham ko‘z xiralashishi paydo bo‘la boshladi. Natijada ularning soni keskin oshdi.

Hikmatulla Sodiqov / Foto: Kun.uz

Ko‘zning xiralashishiga ko‘plab sabablar bor. Masalan, nasldan naslga o‘tadigan kasalliklar. Bunda qarindoshlar orasidagi nikohdan keyin tug‘ilgan bolalarda kasallik ko‘p kuzatiladi.

Shapko‘rlik, uzoqni ko‘rolmaslik, astigmatizm kasalliklari ham nasldan naslga o‘tishi mumkin. Ayniqsa, kasallik ham ota, ham ona tomonda bo‘lsa, ularning farzandlariga o‘tish ehtimoli yuqori.

Uzluksiz ishlash ham ko‘z xiraligiga olib keladi. Bir soat ishlagandan keyin 10 daqiqa ko‘zga dam berish kerak.

Ko‘zda vitamin kamayishi hisobiga ko‘rish xiralashmaydi. Hozir internetda yolg‘on xabarlar ko‘paydi. Falon vitaminni ichsangiz, ko‘zoynaksiz yaxshi ko‘rib ketasiz, deydi. Unaqa narsalarga ishonmaslik kerak. Ko‘rishni yaxshilash uchun tabiiy mahsulotlar, oziq-ovqatlar, oqsil, yog‘ iste’mol qilish kerak.

Ko‘z xiraliklariga yana bir sabab – ko‘p miqdorda sho‘r va shirin mahsulotlar iste’mol qilish.

Shuningdek, diabet kasalliklari, ko‘p asabiylashish ham mazkur kasallikni keltirib chiqaradi. Qattiq asabiylashish oqibatida ko‘zlar bir kunda xira bo‘lib qolishi mumkin. Ayniqsa, yoshi kattalar stressdan o‘zini olib qochishi kerak.

Ko‘p abituriyent va talabalar ko‘z xiraligidan shikoyat qilishmoqda

— Oxirgi paytlarda institutga o‘qishga kiritish uchun bolalarni judayam qattiq bosim bilan o‘qitish boshlandi. Repetitorlar mening o‘quvchim kuchliroq o‘qishi kerak deb, raqobatni kuchaytirishdi. To‘g‘ri, bunda bolalarning bilimi oshmoqda. Lekin buning yomon tomoni ham bor. Ya’ni noto‘g‘ri tartib, qattiq bosim bilan uzoq vaqt uzluksiz o‘qish natijasida ko‘p bolalarning ko‘zlari xiralashmoqda.

Foto: Kun.uz

Hozirda institutda o‘qiyotgan 1- va 2-bosqich talabalarida aksariyatining ko‘zlari uzoqni 30-40 foiz ko‘radi. Buni tiklab bo‘lmaydi. Faqat operatsiya bilan bo‘lishi mumkin.

Ko‘zoynak taqadi yoki xohlamasa, linza taqadi. Uni ham istamasa, lazer bilan davolaymiz. Shu bilan bemor tiniq ko‘ra oladi.

Ko‘z xiralashishiga sabablardan yana biri – qon bosimining oshishi va qandli diabet kasalligi. Vaqtida qon bosimini o‘lchatib turish kerak. Qon bosimi ko‘tarilgani sari qon tomirlar devorida o‘zgarish bo‘lib, ko‘zdagi qon quyilishlariga, ko‘ruv nervidagi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Bu qaytalanmaydigan jarayonlarga olib keladi. Qon tomirlarida o‘zgarishlar bor odamlar spirtli ichimliklar ichishi mumkin emas.

Yana bir muammo – bolalarda ko‘z xiraligi ko‘p uchraydi. Bunga sabab ularning ovqat tanlab yeyishi, iste’mol qilayotgan taomlarida oqsil va yog‘lar yetishmasligidir. Shuningdek, dars qilayotganlarida yorug‘likka e’tibor berilmasligi. Ya’ni bolalar dars qiladigan joyda tabiiy yorug‘lik bo‘lishi zarur. Dars stolini derazani yoniga joylash kerak yoki stolga lampa o‘rnatib berish lozim. Yorug‘ joyda o‘qiganda ko‘zda dofamin normal ishlab chiqariladi. Keyin ko‘rish yaxshi bo‘ladi. Agar yorug‘lik kam bo‘lsa, hujayralar dofaminni ko‘proq ishlab chiqarishga harakat qiladi. Va ko‘z o‘sa bo‘shlaydi. Ko‘z o‘sishi natijasida ko‘rish xiralashib ketaveradi.

Nurdan himoyalovchi ko‘zoynaklar taqish nega tavsiya etiladi?

— Telefon ko‘p ishlatadigan insonlarga uning nurini pasaytirishni tavsiya qilamiz. Kechqurun telefon ishlatmaslikni aytamiz. Chunki tunda nurning ko‘pligi hisobiga ko‘z zo‘riqadi. Ba’zilar ertalabdan kechgacha telefonda ishlaydi. Ularga nurdan himoyalovchi ko‘zoynaklar qilib beramiz.

Qo‘l berib salomlashgach, qo‘lni ko‘zga olib bormaslik kerak. Nam salfetka har doim ham olib yuravermaymiz. Salomlashgan odamning ko‘zida ba’zi kasalliklar bo‘lishi mumkin. Ular yuqadi.

Foto: Kun.uz

Ko‘z mashqlari bor. Ularni sog‘lom odam ham, ko‘rishda muammolari borlar ham bajarsalar, foydadan xoli bo‘lmaydi. Masalan, eng oson mashq – stol tennisi. Shu bilan birga, maxsus mashqlar ham juda ko‘p. Bundan tashqari, nurdan himoyalaydigan ko‘zoynaklar taqib yurish kerak.

Quyoshda ko‘p yuradigan odamlarda katarakta tez rivojlanadi. Ko‘z gavharining nur o‘tkazuvchanligi sekin-asta sina boshlaydi. Oqibatda bemorning ko‘z gavhari ishdan chiqadi. Quyoshda ishlaydigan odamlarning ko‘zlari sarg‘ayib ketadi. Albatta, nurdan himoyalovchi ko‘zoynaklar taqib, ko‘zni namlantiruvchi dorilar tomizib yurish kerak.

Katarakta oldinlari 60 yoshlilarda ko‘p uchrar edi. Hozir 30–40 yoshlilarda ko‘p. U ham yosharib bormoqda. Chunki ishimiz ko‘proq nur bilan bog‘liq. Himoyalanadigan ko‘zoynaklarni uyalmasdan taqib yurish kerak.

Ko‘rish xiraligi ko‘payib ketganiga misol sifatida aytishim mumkinki, o‘tgan haftada ish faoliyatimdagi rekord raqamdagi – bir kunda 58 nafar bemor ko‘zini operatsiya qildim. Hech qachon bunday bo‘lmagan edi. Bu yillar davomida ko‘z xiraliklari ko‘payib borayotganini anglatadi. Ya’ni ko‘zi xira odam judayam ko‘p. Buning oldini olish yo‘li faqatgina muntazam ko‘riklardan o‘tib turishdir.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid