O‘zbekiston | 21:51 / 25.10.2021
20899
12 daqiqa o‘qiladi

Maqsuda Vorisova 1991 yildan keyingi saylovlarda 2-o‘rinni olgan nomzodlar ichida eng ko‘p ovoz oldi

24 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan Maqsuda Vorisova saylovchilarning 6,6 foiz ovozini olib, ikkinchi natijani qayd etdi. Bu – 1991 yildan keyingi davrda qayd etilgan ikkinchi eng yuqori natija hisoblanadi.

Foto: Xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati

1991 yilda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida “Erk” partiyasi yetakchisi Salay Madaminov 12,5 foiz ovoz olgan. Shundan keyingi saylovlarda ikkinchi natijani qayd etgan nomzodlardan hech biri 5 foiz ham ovoz ololmagandi.

Bu gal XDP vakili Maqsuda Vorisova yana bir ko‘rsatkich bo‘yicha rekord o‘rnatdi. U prezident saylovlarida ikkinchi natijaga erishgan ilk ayol nomzod sifatida tarixga kirdi. Hozirga qadar o‘tkazilgan saylovlarda faqatgina bir marta ayol nomzod prezidentlik uchun kurash olib borgan. Bugungi kunda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritayotgan Dilorom Toshmuhammedova 2007 yilgi saylovda 3,03 foiz ovoz olgandi.

Kun.uz mustaqil O‘zbekistonning 30 yillik tarixidagi prezidentlik saylovlarini esladi.

1991 yil

Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk umumxalq prezident saylovi 1991 yilda bo‘lib o‘tgan. 29 dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovda kurash O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi nomzodi Islom Karimov hamda “Erk” partiyasi yetakchisi Salay Madaminov (Muhammad Solih) o‘rtasida kechgan.

Ilk prezidentlik saylovida quyidagi natija qayd etilgan:

  • Islom Karimov – 8,5 million ovoz (87,1 foiz);
  • Salay Madaminov – 1,2 million ovoz (12,5 foiz).

Saylovda jami 9 million 900 ming 958 nafar saylovchi ishtirok etgani aytiladi. Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, 129 823 ta ovoz haqiqiy emas deb topilgan. Shuningdek, 36 525 nafar saylovchi har ikki nomzodga qarshi ovoz bergan.

Aslida 1990 yil mart oyida SSSR tarqatilmay turib ittifoq mamlakatlari ichida O‘zbekiston SSRda ilk bor prezidentlik lavozimi ta'sis etilgan, 24 mart kuni Oliy Kengash xalq deputatlari tomonidan o‘sha vaqtda Kompartiya markaziy qo‘mitasi bosh kotibi bo‘lgan Islom Karimov O‘zbekiston SSR prezidenti etib saylangandi. Karimov ushbu saylovda prezidentlik uchun yagona nomzod bo‘lgani aytiladi. Biroq bu O‘zSSR tarixidagi birinchi va oxirgi saylov sifatida tarixga kirgan. Qolaversa, oradan bir yil o‘tib, qayta prezidentlik saylovi o‘tkazilgan.

2000 yil

1995 yil 26 mart kuni amaldagi prezident Islom Karimovning vakolatlarini 2000 yilga qadar uzaytirish yuzasidan umummilliy referendum o‘tkaziladi. Qatnashchilarning mutlaq ko‘pchilik (99,6 foizi) qismining ovozi bilan prezidentlik muddati uzaytiriladi.

2000 yil 9 yanvar kuni O‘zbekistonda ikkinchi marta prezidentlik saylovi o‘tkazilgan. Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, bunda saylovchilarning 95,1 foizi, ya'ni 12 million 123 ming 199 nafar fuqaro qatnashgan. Ikki nafar nomzod ishtirok etgan saylovda quyidagi natija qayd etilgan:

  • Islom Karimov (“Fidokorlar” MDP) – 11,1 million ovoz (91,9 foiz);
  • Abdulhafiz Jalolov (XDP) – 505,1 ming ovoz (4,17 foiz).

O‘sha paytda amalda bo‘lgan Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda prezidentning vakolatlari muddati 5 yil bo‘lgan. 2002 yil 27 yanvar kuni mustaqil O‘zbekiston tarixida yana bir katta siyosiy jarayon – umumxalq referendumi o‘tkazildi. 12,1 milliondan ortiq saylovchi qatnashgani aytilgan referendumda saylovchilarning 90 foizdan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali bo‘lishi va prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddati besh yildan yetti yilga uzaytirilishini yoqlab ovoz beradi.

MSK referendum natijalarini qonuniy deb tan oladi va O‘zbekiston Konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

2007 yil

O‘zbekiston tarixidagi uchinchi prezidentlik saylovi 2007 yil 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan. Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 16,3 millionga yaqin saylovchilarning 14,7 milliondan ortig‘i, ya'ni 90,6 foizi saylovda qatnashgan.

Ushbu saylovda 4 nafar nomzod qatnashgan. Ushbu siyosiy tadbirda ilk bor ayol kishi prezidentlik uchun kurash olib borgan.

  • Islom Karimov (O‘zLiDeP) – 13 008 357 ovoz (90,76 foiz);
  • Asliddin Rustamov (XDP) – 468 064 ovoz (3,27 foiz);
  • Dilorom Toshmuhammedova (“Adolat” SDP) – 434 111 ovoz (3,03 foiz);
  • Akmal Saidov (saylovchilar tashabbuskor guruhidan ko‘rsatilgan nomzod) – 420 815 ovoz (2,94 foiz).

2015 yil

2015 yil 29 mart o‘tkazilgan kuni prezidentlik saylovida ro‘yxatga kiritilgan 20,7 million saylovchining 18,9 million nafari (91,08 foizi) qatnashgani ma'lum qilingan.

Ushbu saylov Islom Karimov nomzod sifatida qatnashgan va g‘olib deb topilgan to‘rtinchi saylov ekani bilan ham ahamiyatlidir. YeXHT o‘z hisobotida ushbu holat eng katta qonunbuzilishlardan biri ekanini qayd etgan. 1990 yilgisi bilan qo‘shib hisoblasa, O‘zbekistonning birinchi rahbari o‘zi ishtirok etgan barcha prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan.

2015 yilgi prezident saylovida quyidagi natijalar qayd etilgan:

  • Islom Karimov (O‘zLiDeP) – 17 122 597 ovoz (90,39 foiz);
  • Akmal Saidov (“Milliy tiklanish” DP) – 582 688 ovoz (3,08 foiz);
  • Hotamjon Ketmonov (XDP) – 552 309 ovoz (2,92 foiz);
  • Narimon Umarov (“Adolat” SDP) – 389 024 ovoz (2,05 foiz).

Oradan 1 yil-u 5 oy o‘tgach, 2016 yil 2 sentabr kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 78 yoshida vafot etdi.

Shundan so‘ng Konstitutsiyaning 96-moddasiga ko‘ra, amaldagi prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati raisiga yuklatiladi. Biroq o‘sha paytda bu lavozimda bo‘lgan, ayni paytdagi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 8 sentyabrda Oliy Majlis palatalari qo‘shma yig‘ilishida so‘zga chiqib, davlat rahbari bo‘lish uchun salohiyati yetmasligini bildirdi hamda prezident vazifa va vakolatlarini o‘zining zimmasiga yuklamasliklarini so‘radi.

Shuningdek, Yo‘ldoshev bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini inobatga olgan holda, prezident vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligini taklif qildi.

Shu kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

Shundan so‘ng Konstitutsiyaga ko‘ra, uch oy muddat ichida – 2016 yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston tarixidagi beshinchi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi.

2016 yil

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ovoz berish jarayonida ro‘yxatga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari (87,73 foizi) ishtirok etgan.

Saylov natijalari:

  • Shavkat Mirziyoyev (O‘zLiDeP) – 15 906 724 ta ovoz (88,61 foiz);
  • Hotamjon Ketmonov (XDP) – 669 187 ta ovoz (3,73 foiz);
  • Narimon Umarov (“Adolat” SDP) – 619 972 ta ovoz (3,46 foiz);
  • Sarvar Otamuratov (“Milliy tiklanish” DP) – 421 055 ta ovoz (2,35 foiz).

Markaziy saylov komissiyasi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2019 yil 25 iyun kuni saylovlarga doir yana bir o‘zgarish bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida ilk bor Saylov kodeksi qabul qilindi. Ushbu kodeks bilan tarqoq holdagi 5ta qonun («O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida», «Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi) va Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid o‘nlab qaror va yo‘riqnomalari o‘z kuchini yo‘qotdi.

Shuningdek, 2021 yilda Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan prezident saylovlari bo‘lib o‘tadigan kun dekabr oyidan oktabr oyiga ko‘chirildi.

2021 yil

24 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan mustaqil O‘zbekiston tarixidagi oltinchi prezident saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 158 ming 907 nafar saylovchidan 16 million 212 ming 343 nafari (80,4 foizi) qatnashdi.

Joriy yilgi prezident saylovida 887 ming 686 nafar yoshlar hamda uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan 8 203 nafar mahkum ham birinchi marta ovoz berishi ma'lum qilindi.

Ovozlar quyidagicha taqsimlandi:

  • Shavkat Mirziyoyev (O‘zLiDeP) – 80,1 foiz ovoz;
  • Maqsuda Vorisova (XDP) – 6,6 foiz ovoz;
  • Alisher Qodirov («Milliy tiklanish» DP) – 5,5 foiz ovoz;
  • Narzullo Oblomurodov (Ekopartiya) – 4,1 foiz ovoz;
  • Bahrom Abduhalimov («Adolat» SDP) – 3,4 foiz ovoz.

Mazkur prezident saylovi jami 6 ta saylov ichida g‘olib eng kam ovoz olgani bilan ham tarixga kirdi.

MSK joriy yilgi prezident saylovini yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotlardan va ellikka yaqin xorijiy davlatlardan jami mingga yaqin xalqaro kuzatuvchi hamda mahalliy va xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalarining 1 ming 672 nafar vakili bevosita kuzatib va yoritib borganini qayd etib, bu O‘zbekistonda o‘tgan saylovlar tarixidagi rekord ko‘rsatkich ekanini ta'kidladi.

25 oktabr kuni YeXHT missiyasi prezident saylovlari bo‘yicha dastlabki hisobotini e'lon qildi. Hisobotda mamlakatda demokratik islohotlar davom ettirilishi zarurligi ta'kidlangan, shuningdek, yaqinda o‘tkazilgan samarali islohotlarga qaramay, O‘zbekistonda haqiqiy plyuralizm va prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida haqiqiy raqobat muhiti yetishmagani qayd etilgan. Hisobotda saqlanib qolayotgan kamchiliklar bilan bir qatorda, kuzatilgan ijobiy o‘zgarishlar ham e'tirof etilgan va bu tendensiya davom etishiga umid bildirilgan.

Joriy yilgi Prezident saylovi ajabtovur voqealari bilan ham esda qoladigan bo‘ldi. «Yevronyus» telekanali hali Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini e'lon qilmay turib, O‘zbekiston prezidentligi saylovida Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga qayta saylangani haqida xabar berdi. Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jo‘mart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni hali rasmiy natijalar e'lon qilinmasdan avval O‘zbekiston prezidenti saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklashga ulgurishdi.

Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati yuqoridagilardan faqatgina «Yevronyus» xabariga munosabat bildirib, ushbu ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta'kidladi. Biroq Kreml, Minsk  va Oq O‘rda tomonidan tarqatilgan xabarlarga hech qanday raddiya yoki munosabat bildirilmadi.

Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzod Qudratxo‘ja Kun.uz muxbiri so‘roviga javoban prezident saylovi yakuni hali e'lon qilinmagani, Rossiya OAV tomonidan e'lon qilingan ma'lumotda noaniqlik borligini ta'kidlab, Kreml saytida e'lon qilingan xabarga O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati munosabat bildirishi kerakligini bildirdi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti saylov natijalari e'lon qilingan kundan e'tiboran kechi bilan 2 oy ichida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qiladi va shu paytdan e'tiboran o‘z lavozimiga kirishadi. Bu galgi inauguratsiya marosimida yangi saylangan davlat rahbariga ilk marta prezidentlik belgisi va shtandarti (bayrog‘i) topshiriladi.

Jamshid Niyozov tayyorladi.

Mavzuga oid