Jamiyat | 12:49 / 25.10.2021
6860
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT missiyasi kuzatuvchilari O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari shaffof o‘tkazilganini ma'lum qildi

Prezidentlik saylovida qonunchilikka zid holatlar kuzatilmadi, shaffof va oshkoralik asosida o‘tkazildi. Bu haqda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti missiyasi rahbari Yerik Ashimov Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida bo‘lib o‘tgan ShHT missiyasi kuzatuvchilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti missiyasi kuzatuvchilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. ShHT missiyasi rahbari O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida qonunchilikka zid holatlar kuzatilmagani, saylov jarayoni shaffof va oshkoralik asosida o‘tkazilganini aytdi.

“Missiya tomonidan O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari jarayonidagi saylovoldi tashviqotlarida va saylov jarayonida qonunbuzilish holatlari kuzatilmadi. Barcha targ‘ibot-tashviqot ishlari saylov qonunchiligi asosida o‘tkazilgan. Missiya o‘z kuzatuvlarini Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Andijon viloyatlari bo‘ylab 2017ta saylov uchastkasida olib bordi”, dedi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti missiyasi rahbari Yerik Ashimov.

Elmira Xaymurzina saylov jarayonida axborotlarni elektronlashtirish jarayoniga e'tibor qaratdi va saylovlarda aholining ishtiroki haqida gapirdi.

“O‘zbekistonda birinchi marta saylovchilarning elektron ro‘yxati shakllantirildi. Mobil ilovalar ishlab chiqildi. Bu juda katta yangilik.

Saylovchilar oilaviy tarkibda – bobo-buvilar, ota-onalar, nabiralar birgalikda chiqishdi. Bir saylov uchastkasida yoshi katta inson kelganida unga so‘z berishdi. Juda chiroyli tilaklar bildirdi saylov jarayonlari haqida” dedi u.

Mavzuga oid