Saida Mirziyoyeva: “OTMda talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo”
Jamoatchilik xabar topayotgan bunday voqealar – dengizdan tomchi, dedi Saida Mirziyoyeva talaba qiz dekan o‘rinbosari tajovuziga uchragani aytilayotgan voqeaga munosabat bildirib. “Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart”, ta’kidladi u.
Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi, Milliy mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Toshkent davlat pedagogika universitetida talaba qiz dekan o‘rinbosari tomonidan avvaliga tegajog‘likka uchrab, so‘ng 2-qavat derazasidan itarib yuborilgani aytilayotgan holatga munosabat bildirdi.
“OTMda talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) – jiddiy muammo, Pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo‘lgan voqea buning yaqqol dalilidir”, – deya yozdi Mirziyoyeva o‘z Telegram-kanalida.
U jamoatchilik mazkur voqeadan Nemolchi.uz loyihasi orqali xabar topganiga e’tibor qaratdi.
“Menimcha, qiz-ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi bunday OAV faoliyati – katta muvaffaqiyat hamda adolatsizlik va ceksizmga toqat qilishni istamaydiganlarning so‘nggi umididir. Fond ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bunday ommaviy axborot vositalarini olqishlashi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqchiman.
Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz. Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qat’iyati tahsinga sazovor. Biroq tazyiq va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dard-u hasratini mash’um kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha! Jabrdiydaning o‘zini ayblab, tergov “yopti-yopti” qilib yuborilgan holatlar qancha! Qanchadan-qancha jinoyatchilar ojizani murosaga ko‘ndirgani yoki qo‘rqitib qo‘ygani uchun suvdan quruq chiqqan?
Ayni kunlarda bu haqda tinimsiz o‘ylayapman. Biz bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojmiz. Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart. Zo‘ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga ishonchi komil bo‘lishi, zo‘ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur.
Shunda nafaqat o‘qishdan haydash yoki boshqa bahonalar bilan OTM talaba qizlariga tahdid qilishga, balki istalgan boshqa joyda ham lavozim va mavqeyini suiiste’mol qilish bilan qonunni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi”, – deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.
Ta’kidlash kerak, Ichki ishlar vazirligi mazkur voqea jamoatchilikka oshkor bo‘lganidan keyingina bu haqda axborot berdi. Rasmiy xabarda gumondor qachon qo‘lga olingani aytilmagan:
“Joriy yilning 18 oktabr kuni taxminan soat 16.00 larda 1984 yilda tug‘ilgan Yu.Bag‘ibek o‘zining xizmat xonasida 2001 yilda tug‘ilgan K.Mushtaribonuning nomusiga tegmoqchi bo‘lganda o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatda jinoiy qilmishini oxiriga yetkaza olmagan. So‘ng jinoyatini yashirish maqsadida K.Mushtaribonuni derazadan pastga itarib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yu.Bag‘ibekka nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda”, – deyiladi IIV axborotida.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 2-qavatdan itarib yuborilayotgani aytilgan talaba qizning ahvoli qoniqarli ekani, biroq bir nechta suyaklari singanini ma’lum qildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan “qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar” ko‘rilishini bildirdi.
Holatni Toshkent shahar prokuraturasi ham o‘rganmoqda, o‘rganish yakunlari haqida axborot berilishi ma’lum qilingan.
Mavzuga oid
11:06 / 20.12.2024
Toshkentda uch erkak homilador ayolga tegajog‘lik qilgani uchun 10 sutkaga qamaldi
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
19:14 / 12.12.2024
Saida Mirziyoyeva ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi
18:52 / 27.11.2024