Vazirlik pedagogika universiteti dekan o‘rinbosari bilan bog‘liq voqea yuzasidan munosabat bildirdi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berib, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan ham qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
«Bugun internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dekan o‘rinbosari tomonidan talaba qizni zo‘rlashga urinilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Hozirda mazkur voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
O‘rganish natijalari bo‘yicha jinoyatda gumonlanuvchi universitet mas’ul xodimiga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi. Shuningdek, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan ham qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘riladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba-qizlarning sha’ni va nomusiga qarshi har qanday xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va albatta, bu kabi holatlarga qarshi qat’iy kurashadi.
Tez orada bunday holatlarning oldini olish maqsadida tezkor murojaat qilish imkonini beradigan maxsus portal yaratiladi hamda ishga tushiriladi.
O‘rganishlar natijasi bo‘yicha obektiv tafsilotlar qo‘shimcha tarzda ma’lum qilinadi», deyiladi bayonotda.
Bundan oldinroq Nemolchi.uz loyihasi talaba Mushtariybonu Kamilovaning murojaatini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 18 oktabr kuni ushbu talaba Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevning xonasiga kirgan va u shu yerda hujumga uchragan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasini zo‘rlashga qaratilgan xatti-harakatlar amalga oshirilgani haqidagi xabar Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda va natijalari ma’lum qilinadi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan 19 oktabr kuni JKning 118- (nomusga tegish) va 105- (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u 23 oktabr kuni qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi.
Mavzuga oid
11:06 / 20.12.2024
Toshkentda uch erkak homilador ayolga tegajog‘lik qilgani uchun 10 sutkaga qamaldi
19:10 / 27.09.2024
Toshkentda erkak shifokor muolaja paytida ayol mijozini o‘pib olgani uchun jazolandi
10:26 / 03.07.2024
O‘zbekistonda 6 oyda qancha oila yarashtirilgani ma’lum qilindi
16:50 / 24.06.2024