Jamiyat | 13:19 / 28.10.2021
16428
8 daqiqa o‘qiladi

Tutundan qiynalayotgan demunliklar: Jondordagi bir qishloq ahlini 5 yildan buyon to‘ydirgan masala

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Demun mahallasidagi 4ta qishloq aholisi 5 yildirki, mahalla yaqinidagi g‘isht ishlab chiqarish korxonasidan kelayotgan tutundan aziyat chekmoqda.

Ayni paytda Demun qishlog‘ida 210 xonadonda 1200dan ziyod kishi istiqomat qiladi. Ko‘cha, Qalluq kabi qishloqlar doxil ushbu hududda jami uch mingdan ziyod aholi istiqomat qilar ekan. Hududda 2ta maktab, 5ta bolalar bog‘chasi bor. G‘isht zavodi xumdonlaridan chiqayotgan tutun ularning barchasiga boradi.

Foto: Kun.uz 

G‘isht zavodi shundoqqina tuman markazi biqinida joylashgan. Ammo issiq fasllarda shamol tutunni ko‘proq janubga, demunliklar ustiga olib boradi. Qishda esa zavod faoliyat ko‘rsatmaydi.

Foto: Kun.uz 

Aholi vakillarining fikricha, aprel oyidan boshlab oktabr oxirlarigacha faoliyat ko‘rsatadigan ushbu zavod tutuni ayniqsa surunkali kasalliklari bor qariyalar hamda yosh bolalar nafas olishda qiyinchilik tug‘diradi.

Foto: Kun.uz 

«Yozda hovlida o‘tira olmaymiz. Bo‘g‘adigan havo va qo‘lansa hid keladi. Besh yildirki, bu tutundan bizni hech narsa qutqara olmayapti», — deydi onaxonlardan biri.

Foto: Kun.uz 

«Mahallada qon bosimi, damqisma kasali qiynaydigan qariyalar bor. Tutundan ayniqsa yosh bolalar va turli dardlarga chalingan keksalar aziyat chekishmoqda», — deydi demunlik otaxonlardan biri.

Foto: Kun.uz 

«Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Viloyat hokimi va tuman hokimi huzuriga ham bordik. Tuman hokimi g‘isht zavodi boshqa ishlamasligiga va'da berdi. Lekin zavod ishlashda davom etmoqda. Hozir ham siz kelishingizni kimdir zavodga yetkazibdi. Tutun to‘satdan kamayib qoldi. Ertalab qop-qora tutun burqsib chiqayotgandi», — deydi yana bir otaxon.

Biz tutun qishloq uzra yopirilishini ko‘p kutmadik. Nonvoyxonadagi ko‘mir hidini eslatib yuboruvchi achimsiq tutunni shamol olib kelib qoldi. Ochig‘ini aytish kerak, ko‘mir hidi chindan ham dimog‘ni achitadigan darajada yoqimsiz edi.

Foto: Kun.uz 

20 yillar avval bunyod etilgan g‘isht zavodi 5 yildirki tabiiy gazdan ko‘mirga o‘tgan. 5 yildan buyon qishloq ahli turli tashkilotlarga murojaat qilib kelishmoqda.

Qishloq aholisining barcha murojaatlariga javob berilgan. Ekologlarning xulosasi ham bor. Bu xatlarda g‘isht zavodi chiqarayotgan tutunda zararli moddalar miqdori belgilangan me'yordan ortiqligi ta'kidlab o‘tilgan.

Foto: Kun.uz 

Odamlarning fikricha, g‘isht zavodi egasining boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlari, bog‘lari va chorvachilik fermasi bor. «Odamlarga zarar yetkazmay ham tadbirkorlik qilsa bo‘ladi-ku», deb jig‘ibiyron bo‘lishmoqda ular.

Bir paytlar Jondordagi qishloqlarda g‘isht zavodlari ko‘p bo‘lgan. Hozirga kelib ularning barchasi cho‘l zonasiga ko‘chirilgan. Lekin birgina shu zavod qolib, ko‘mirga o‘tgach, aholiga qiyinchilik tug‘dirib kelmoqda.

«Zavodni ko‘chirish yo yopish imkonsiz ekan, o‘sha g‘ishtlarni pishirib emas, xom g‘isht ko‘rinishida sotsa ham bo‘ladi-ku?» — deydi onaxonlardan biri.

Biz «Olim Said Subhiddinbek» MChJga qarashli ushbu g‘isht zavodiga ham bordik. Korxona rahbari Olim Dilmurodov barcha tegishli hujjatlarga egaligini, korxona qonuniy faoliyat ko‘rsatayotganini ta'kidladi.

Foto: Kun.uz 

Yiliga 2 million dona pishiq g‘isht ishlab chiqarilayotgan korxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra, zavod to‘liq standartlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Xumdondagi tutun chiqaruvchi quvurlarga havoni zararli zarralardan tozalovchi suv purkagich (skruber) o‘rnatilgan.

Foto: Kun.uz 

Buxoro viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari qishloqlarda bo‘lib, mustaqil ravishda holatni o‘rganishgan, havodan namunalar olishgan.

Albatta, fuqarolarning murojaatlari besamar ketmagan. Vaziyatdan xabardor viloyat hokimining xatlariga asosan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi,  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish viloyat boshqarmasi tomonidan berilgan javob xatlarida ham ammiak va vodorod sulfid kabi moddalar bir necha barobar yuqori ekanligi ta'kidlab o‘tilgan.

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Olim Dilmurodovning aytishicha, g‘isht zavodi III tipdagi bo‘lib, aholi punktidan belgilangan me'yorga ko‘ra, 300 metrdan uzoqroqda joylashgan. Zavod to‘liq ekologik ekspertizadan o‘tkazilgan. Unga 2020 yil 7 fevralda 5 yil muddatga ekspertiza xulosasi taqdim etilgan.

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Korxona rahbari aholining g‘isht zavodini boshqa joyga ko‘chirish to‘g‘risidagi talabi ayni paytda bajarib bo‘lmaydigan vazifa ekanligini aytdi. Chunki endi yer maydonlari auksion orqali xarid qilinishi kerak. «Yer sotib olish va u yerga zavodni ko‘chirish uchun menda hozir ortiqcha pul yo‘q», dedi u.

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Olim Dilmurodov ushbu zavodda va unga yondosh issiqxona, muzlatkich, bog‘dorchilik va fermer xo‘jaliklarida shu hududda yashayotgan 200dan ortiq kishini muntazam va mavsumiy ish bilan ta'minlab kelayotganini ta'kidladi.

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Zavod rahbari ayni paytda g‘isht pishirish ishlarining mavsumidagi so‘nggisi olib borilayotgani, oktabr oyi oxirlaridan aprel oyigacha zavodda modernizatsiya ishlari olib borilishini aytib o‘tdi.

Navoiy viloyatida sinovdan o‘tgan filtr moslamasini qishda xarid qilib keltirib, shu yerga montaj qilishini, bu filtr chilim prinsipida ishlashi, ya'ni tutun tarkibidagi zararli zarrachalarni tutib qolishini gapirib o‘tdi.

Foto: Kun.uz 

Tadbirkorning amalga oshirgan ishlari, sa'y-harakatlarini qadrlash kerak. Chindan ham bir paytlar qarovsiz botqoq bo‘lgan yerlarni obodonlashtirgan. Yetishtirilayotgan g‘isht va oziq-ovqat mahsulotlarining bir qismi yaqin qo‘shni davlatlarga eksport ham qilinmoqda.

Bu albatta, yaxshi.

Demunliklar ham faqatgina g‘isht zavodidan chiqayotgan qo‘lansa tutundangina norozi. Lekin tadbirkor ham mushohada qilishi lozimki, agar uning zavodi ishlab chiqarayotgan tutundan kimdir aziyat chekib, sidqidildan norozi bo‘lsa, uning ishidan baraka ham qochadi.

Barchasi inson qadri, salomatligi uchun bo‘lishi kerak emasmi?

U noqulay vaziyat bartaraf bo‘lishi uchun aholidan yana ozroq sabr qilishni, buning uchun qo‘lidan kelganini bajarishni va'da berdi. Albatta, Buxoro viloyatidagi atrof-muhit muhofazasiga mas'ul idoralar ham bu vaziyatga jiddiyroq yondashishi kerakligini unutmasligimiz lozim.

Biz esa qilinadigan chora-tadbirlarni ko‘ramiz, vaziyatni kuzatamiz va bu mavzuga yana qaytamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Operator va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid