O‘zbekiston | 15:34 / 30.10.2021
5387
2 daqiqa o‘qiladi

Shaxsga doir ma'lumotlarga oid talablarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

"Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritildi. 

Unga ko‘ra, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan internetda fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berilayotganda O‘zbekistonda joylashgan texnik vositalarda hamda shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (1 mln 890 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa 50 baravari (13 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, ushbu qilmish ma'muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llaniladi:

bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha (40 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima; 
3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish; 
2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Ushbu o‘zgartirishlar qonun kuchga kirgan kundan e'tiboran 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Mavzuga oid