Jamiyat | 12:29 / 30.10.2021
45350
2 daqiqa o‘qiladi

Yulduz Usmonova mualliflik huquqini buzgani uchun 185 mln so‘m to‘lashi belgilandi

Xonanda “Xasta bo‘lma” she'rini uning muallifi shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev bilan kelishmasdan qo‘shiq qilib kuylab kelgan.

Foto: YouTube

2021 yil 20 sentyabr kuni shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga xonanda Yulduz Usmonovaga nisbatan “Xasta bo‘lma” qo‘shig‘ining she'r muallifi sifatida mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma'naviy zarar undirish haqidagi da'vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmatining xabar berishicha, 29 oktabr kuni ish sudda ko‘rilib, qabul qilingan hal qiluv qarori bilan Yulduz Usmonovadan da'vogar Yo‘lchi Ro‘ziyev foydasiga 50 mln so‘m ma'naviy zarar uchun kompensatsiya va mualliflik huquqini buzgani oqibatida yetkazilgan zarar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari (135 mln so‘m), jami 185 mln so‘m miqdorida tovon puli undirish belgilangan.

Sudda taraflardan nizoni o‘zaro kelishib, hal qilish uchun muddat berilgan. Ammo sud yakuniga qadar kelishuvga erishilmagan.

Fuqarolik protsessual kodeksi talabiga muvofiq, Yulduz Usmonova ixtiyorida hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritish uchun 1 oy muddat mavjud.

Mavzuga oid