Sport | 14:51 / 01.11.2021
6556
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik sportchi 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga ilk yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik chang‘ichi Komiljon To‘xtayev 2022 yilda Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston chang‘i federatsiyasi.

Foto: spors.uz

Sportchi saralash bahslarida ochkolar miqdori bo‘yicha ko‘rsatkichlari doirasida slalom va gigant slalom yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan me'yorlarni bajarib, 2022 yilgi Olimpiadada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Chang‘i federatsiyasi 2022 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlariga to‘rt nafar sportchining (2 ta asosiy va 2 ta zaxira) o‘quv mashg‘uloti yig‘inlari va saralash musobaqalari uchun o‘quv dasturini tasdiqlagan. O‘quv mashg‘uloti yig‘inlari Italiya, Avstriya va Rossiyada bo‘lib o‘tyapti.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston hozircha tog‘ chang‘isi bo‘yicha 2 kvota (1 ayol, 1 erkak) olishi mumkin.

Saralash davri 2019 yil 1 iyuldan 2022 yilning 16 yanvarigacha davom etadi. Mamlakat 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga yana bir yo‘llanmani qo‘lga kiritishi mumkin.

Qishki Olimpiya o‘yinlari Pekinda 2022 yilning 8-20 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi

Mavzuga oid