Jahon | 07:56 / 02.11.2021
33857
7 daqiqa o‘qiladi

Ko‘mirga qarshi kelishuv, Putinsiz va hayratlar bilan. G20 yig‘ilishi qanday yodda qoldi?

Deyarli 2,5 yillik tanaffusdan keyin dunyoning eng yirik iqtisodiyotga ega 20 davlatidan iborat G20 (Group of 20) guruhi yana yig‘ildi. Oxirgi marta davlat rahbarlari 2019 yil yozda Osakada uchrashgan edi. Keyingi ikkita sammit esa koronavirus cheklovlari sabab videokonferensiya ko‘rinishida o‘tkazildi. Uzoq kuttirgan Rimdagi uchrashuv aytarlicha samarali bo‘lmadi.

Foto: CNN

Avvalo Rimdagi yig‘ilishda xuddi kelishib olgandek Rossiya va Xitoy yetakchilari tashrif buyurmaganini aytish kerak. Putin va Si Tszinpin oldinroq Dushanbedagi ShHT yig‘ilishida ham «zaxirada qolib», onlayn ishtirok etgandi. Bu gal «dars qoldirganlar» safini Saudiya Arabistoni ham to‘ldirdi. AQSh prezidenti Jo Bayden ikki yirik davlat ishtirok etmaganiga ishora qilib, iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha «Rossiya va Xitoy qilganini takrorlamasangiz, kifoya» deb kinoya qildi.

Chindan, Putin, Si Tszinpin va Saudiya qirolining G20 yig‘ilishida ishtirok etmagani kutilmagan holat bo‘ldi. Chunki dunyo siyosatidagi elit qatlam bu qadar keng tarkibda anchadan buyon yig‘ilmagandi. Masalan, Rimda Angela Merkel Germaniya yetakchisi sifatida oxirgi yirik tadbirida ishtirok etdi. Jo Bayden esa uch oylik tanaffusdan keyin AQShdan tashqarida uchrashuvlar o‘tkazdi. Ya'ni, hamma kattalarning o‘zaro gaplashib oladigan gaplari bor edi.

AQSh oldingi prezidenti Donald Tramp vaqtida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqib ketgandi. Hali prezidentlikka kelmay turib mamlakat bu kelishuvga qaytishini aytgan Jo Bayden taxtga o‘tirgan kuniyoq va'dasini bajarib, kelishuvga qaytdi. Rimda o‘tgan G20 davlatlarining iqlim bo‘yicha uchrashuvida Bayden yetakchilikni o‘z qo‘liga olib, «davrani boshqardi» ham. «Rossiya va Xitoy Rimdagi sammitda deyarli ko‘rinish bermadi», dedi Bayden so‘zga chiqar ekan.

Bayden iqlim bo‘yicha muzokaralarning yagona yaxshi tomoni sifatida ko‘mirga nisbatan subsidiyani to‘xtatish bo‘yicha imzolangan kelishuvni keltirdi. Rimdagi uchrashuvdan avval davlatlar elektr energiyasi ishlab chiqarishda ko‘mirdan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha kelishuv imzolashi kun tartibiga qo‘yilgan, lekin bunga ko‘pchilik ham rozi bo‘lishi qiyin edi. Chunki katta davlatlarda hamon ko‘mir energiya olish uchun ishlatiladi, hamma ham undan voz kechishga tayyor emas. Ko‘mirning atmosferaga zarari esa juda katta.

Shunday bo‘lishiga qaramay, davlatlar ko‘mir qazib olishga subsidiyalar ajratmaslik bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Bu borada Xitoyning sammitdan avval hujjatga rozilik bergani barchasini yengillashtirdi. Chunki aynan Xitoy ko‘plab mamlakatlarga ko‘mir bilan ishlaydigan elektrostansiyalar qurib berar, bu kelishuvdan esa yaxshigina zarar ko‘rardi.

Ammo 2015 yildagi Parij kelishuvi bo‘yicha global haroratni sanoat davriga nisbatan 1,5 darajaga pasaytirish bo‘yicha konkret rejalar qilinmadi. Global isish ushbu normadan o‘tib ketmasligi uchun davlatlar (kamida 100 ta yirik sanoatlashgan davlat) 2030 yilgacha uglerod chiqindisini 45 foizgacha kamaytirishi kerak. Ammo ekspertlar 100 da davlatning rejalarini o‘rgangan holda ular keyingi 10 yilda bunday chiqindilarni havoga uchirishni 45 foizga qisqartirish emas, aksincha 16 foizga oshirishi haqiqatga yaqin degan xulosaga kelgan.

G20 davlat rahbarlari Rimdagi favvoraga ramziy ma'noda 1 yevrolik tanga otishdi. / Foto: CNN

Uglerod chiqindilaridan qutulish bo‘yicha rejalar ham konkret emas. Yevropa 2050 yilni, Rossiya va Xitoy 2060 yilni chegara qilib belgilagan bo‘lsa, atmosferani eng ko‘p ifloslantiradigan davlatlardan bo‘lgan Hindiston umuman bu borada hech qanday mas'uliyatni gardaniga olmagan. Bir narsani unutmaslik kerakki, G20 a'zosi bo‘lmish davlatlar hissasiga butun dunyoda paydo bo‘ladigan chiqindilarning 80 foizi to‘g‘ri keladi va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ularning rejalari butun insoniyat hayotiga ta'sir qiladi.

G20 davlatlari dunyodagi global isish muammosiga o‘zlarini mas'ul deb hisoblab, yangi asr o‘rtasiga kelib xavfli uglerod chiqindisini chiqarish bo‘yicha nol ko‘rsatkichga erishish, sayyorani yashillashtirish kabi rejalarni o‘z oldilariga qo‘yishdi. Ammo bu rejalarning barchasi mavhum ko‘rinish oldi.

Rimdagi sammitdan BMT bosh kotibi Antoni Guterrish ham umidsizlik bilan qaytganini aytdi. Odamlar uglerod chiqindilarini havoga oqizish orqali o‘ziga qabr qazmoqda deb hisoblovchi portugaliyalik siyosatchi Rimdagi iqlim bo‘yicha uchrashuvlarda hech qanday aniq kelishuvga erishilmaganidan afsusdaligini bildirdi.

Kambag‘al davlatlar uchun 100 milliard dollar

Sammit mezboni bo‘lmish Italiya bosh vaziri Mario Dragi 20 davlat kambag‘al davlatlarga umumiy 100 milliard dollargacha iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash uchun yordam berish borasida kelishuvga yaqin kelganini aytdi. Bu borada sammit yakunida imzolangan hujjatda ham keltirilgan. Ya'ni, 2025 yilgacha G20 davlatlari kambag‘al davlatlarga har yili iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun pul berib boradi. Pullar yillik ajratib boriladi. Dragi Italiya bu borada keyingi 5 yilda xarajatlarini 5 baravar – 1,4 milliard dollargacha oshirishini ma'lum qildi.

Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, dunyo iqtisodiyoti gigantlari 2009 yil Daniyada o‘tkazilgan iqlim bo‘yicha yig‘ilishda ham 100 milliard dollarlik ko‘mak haqida kelishuvga erishgan, ammo oxir-oqibat bunday pullar ajratilmay qolib ketgan edi. Ammo hozir iqlim o‘zgarishlari, global isish ancha real muammoga aylangani inobatga olinsa, Bayden boshchiligida pullar chindan ajratila boshlashi mumkin. Axir dunyo iqtisodining 80 foizi aynan G20 davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yirik kompaniyalar uchun «ov»

Rimdagi sammitda AQShning tashabbusi bilan navbatdagi muhim hujjat imzolandi. Unga ko‘ra, endilikda yirik transmilliy kompaniyalar foydasidan ham kamiga 15 foiz soliq to‘laydigan bo‘ldi. Bu kelishuv barcha a'zolar tomonidan ma'qullangan. AQShda Facebook, Google, Amazon kabi yirik kompaniyalar kam soliq to‘lashi haqida ko‘p gapiriladi va ayni hujjat tashabbuskori aynan AQSh moliya vazirligi hisoblanadi. Vazirlikning ma'lum qilishicha, bu tarixiy kelishuv yirik kompaniyalar o‘z daromadlarini ofshorga chiqarib, yashirishining oldini oladi va ular ko‘proq soliq to‘lashidan oddiy ishchilar yutadi.

Mavzuga oid