O‘zbekiston | 14:34 / 04.11.2021
3760
2 daqiqa o‘qiladi

«Og‘ir ishni farzandlarimiz uchun qilyapmiz» - Beruniylik payvandchi opa-singillar

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida Enajon va Shakarjon Matdurdiyevalar payvandchilik va bo‘yoqchilik bilan shug‘ullanishadi. Enajon 4 yildan beri bo‘yoqchilik qilsa, uning opasi Shakarjon asosan payvandlash ishlari bilan shug‘ullanadi.

Opa-singil Beruniyda o‘z ustaxonalarini ochishganiga 4 oy bo‘ldi. Usta qizlar temir eshiklar, derazalar uchun panjara-to‘siqlar ishlab chiqarishmoqda. Erkaklarga xos bu og‘ir ish ortidan ular o‘rtacha 3-4 million so‘m oylik daromad qilishmoqda.

«Qiyinchilik ko‘p bo‘ldi. Ko‘pchilik bu ish bilan shug‘ullanishimizga qarshi bo‘lgan. Birovning buyurtmasini aytilgan vaqtda yetkazib berishimiz kerak. Shunday vaqtlar tungi soat 12-1gacha bo‘yoq urgan vaqtlarimiz bo‘lgan. Ana shunday paytlarda odamlar turli gap-so‘zlar ham qilishdi. «Ayol kishi boshqa ish qilsa bo‘lmaydimi?», «Salonda ishla, tikuvchilik qil», deganlar ham bo‘ldi. Baribir soham o‘zimga yoqadi», — deydi Shakarjon Matdurdiyeva.

Qahramonlarimiz 6 qiz, bir o‘g‘il voyaga yetgan oilada katta bo‘lishgan. Ularning onasi uy bekasi, otasi esa zavodda ishchi. Hozir Shakarjonning 3 nafar qizi, Enajonning esa 2 nafar o‘g‘li bor.

«Bo‘yoqchilik qilganimizda kech yuradi, deb gap-so‘z qilishdi. Hamkasblarimiz, mijozlarimiz ishda kech qolsak, bizni uyga keltirib qo‘yishardi. Qo‘shnilarimiz har xil gaplar tarqatishdi. Ota-onamiz ham bu ishlaringizni tashlanglar, deb aytgan. Lekin ikki nafar farzandimni boqishim kerak. Ularga maktab kiyimi, kerakli jihozlarini olib berishim kerak. Ishimizni farzandlarimiz uchun qilyapmiz», — deya ta'kidlaydi 25 yoshli payvandchi-bo‘yoqchi Shakarjon Matdurdiyeva.

Opa-singillar og‘ir, biroq halol mehnatlari ortidan farzandlarini oliy ma'lumotli, uyli-joyli qilishni maqsad qilgan. Ular kelajakda ustaxonalarni kengaytirib, sohalarini kengaytirmoqchi.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid