O‘zbekiston | 16:38 / 04.11.2021
12084
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pensionerlar uchun turistik chegirmalar joriy qilindi

Noyabr oyi «Keksalar uchun turizm oyligi» deb e'lon qilinishi munosabati bilan O‘zbekistonda mehmonxona va umumiy ovqatlanish maskanlaridagi xizmatlar uchun ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, respublikadagi 223ta joylashtirish vositasi (mehmonxonalar va mehmon uylari) xizmatlari uchun - 50 foizgacha, 204ta umumiy ovqatlanish maskanlaridagi xizmatlar uchun 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

«Uzbekistan Airways» AJ tomonidan 1-30 noyabr kunlari respublika ichidagi aviaqatnovlarda 60 yoshdan yuqori erkaklar va 55 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollar uchun ekonom va biznes toifalarining joriy narxlarga 25 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar joriy etilgan.

Bundan tashqari, noyabr oyida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan mamlakat ichidagi amaldagi tariflarga 10 foiz miqdorda hamda «Uzautotrans Service» MChJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga 10 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar amal qiladi.

Keksalarning ziyoratgoh va madaniy meros obektlariga kirishi uchun Musulmonlar idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi 6ta ziyoratgohga nafaqa va keksa yoshdagi fuqarolar uchun 50 foiz miqdorida chegirmalar belgilangan.

Madaniy meros agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi 24ta madaniy meros obektlariga kirish uchun 20 foiz miqdorda chegirmalar joriy etilgan.

Mavzuga oid