O‘zbekiston | 15:23 / 05.11.2021
28371
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent havosida chang miqdori me'yordagidan 30 barobargacha ortgani ma'lum qilindi

4 noyabr kechasida Toshkent havosida chang miqdori belgilangan miqdordagidan 30 barobargacha ortgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘zgidromet” matbuot xizmati rahbari Munisa Asilxo‘jayeva ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

«O‘zgidromet» kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday chang-g‘ubor hodisasi kuzatilmagan.

«O‘zgidromet»ning Toshkent shahrida joylashgan havo sifatini ifloslantiruvchi moddalar tahlilini yurituvchi avtomatik statsionar kuzatuv postlarida chang miqdori keskin ko‘tarila boshlagan. Avvaliga chang miqdori ruxsat etilgan me'yordan 5 barobarga, keyinroq mahalliy vaqt bilan soat 21:00 va 23:00 orasida 30 barobargacha ko‘tarilgani qayd etilgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan boshlab havo tarkibidagi chang miqdorining pasayish tendensiyasi kuzatilgan va bu davr oralig‘ida chang miqdori ruxsat etilgan me'yoriy ko‘rsatkichdan 10 barobar yuqoriligi saqlanib qolmoqda.

Ta'kidlanishicha, «O‘zgidromet» tomonidan olib borilayogan kuzatishlar davomiyligi (150 yil) natijasida bunday holat ilgari kuzatilmagan. Respublika hududlarida keskin shamollar natijasida iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, chang-g‘ubor hodisalari kuzatilgan hamda ushbu jarayonlar shamol to‘xtashi bilan 15-20 daqiqa vaqt oralig‘ida tarqalgan.

Respublika hududida 12 noyabr kuniga qadar yog‘ingarchiliklar (janubiy viloyatlardan tashqari) kuzatilmasligi turli xil iqlimiy model, sun'iy yo‘ldoshlardan olinayotgan real vaqtdagi tasvirlar, yer usti va atmosfera qatlamlaridagi ob-havo xaritalari tahlili asosida mutaxassislar tomonidan porognoz qilinmoqda. Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, atmosfera havosida chang-g‘uborlarning yaqin kunlar ichida saqlanib qolish ehtimoli mavjud.

Mavzuga oid