O‘zbekiston | 16:29 / 06.11.2021
3392
2 daqiqa o‘qiladi

Amudaryoda bir tun: Pichog‘i bor qimorbozlar, mast holda aholi tinchligini buzganlar, ko‘ngilochar maskanga kirgan voyaga yetmaganlar va mast haydovchilar

Foto: Amudaryo tumani hokimligi

O‘zbekiston IIV, Qoraqalpog‘iston IIVning ko‘rsatmalariga asosan 2 noyabr kuni Amudaryo tumanida “Xavfsiz tun” reyd tadbiri o‘tkazildi. Tegishli tashkilotlardan jami 99 nafar xodim tumanda 6 ta ma'muriy hududga bo‘lingan holda 5 ta yo‘nalishda ish olib borgan. Bu haqda Amudaryo tumani IIB HPB boshlig‘i Orifjon Qosimov xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Mang‘it shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Tadbirkorlar ko‘chasi 106-uyda bir guruh shaxslar qimor o‘yini o‘ynab o‘tirgan holat aniqlangan. Ulardan 968 ming so‘m pullar daliliy ashyo sifatida olingan. Qimor o‘yini ishtirokchisi Ch.Q.ning cho‘ntagida o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i ham borligi ma'lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, tungi soat 23:00lardan so‘ng Mang‘it shahri hududidagi ko‘ngilochar maskanlar nazorat qilinganida 3 nafar voyaga yetmagan bolalar bilyard o‘ynayotgani aniqlangan. Shu vaqtning o‘zida maskan egasiga voyaga yetmaganlarning tungi vaqtda o‘ynashlariga yo‘l qo‘ygani uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, shahar ko‘chalarida spirtli ichimlik ichib, mast holda shovqin ko‘tarib, aholi tinchligini buzib yurgan 2 nafar fuqaro aniqlangan. Ular xodimlarning qonuniy talablarini bajarmaganlari uchun tuman IIB binosiga olib kelinib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Reyd tadbirida 11 nafar YPX xodimlari yo‘llarda avtotransportda harakatlanishda 98 ta qoidabuzarliklarni aniqlashgan. Shuning 3 tasi mast holda transport vositasini boshqarish, 27 tasi tegishli hujjatlarga ega bo‘lmay transport boshqarish, 68 tasi turli yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay transport boshqarish holatlaridir.

Mavzuga oid