O‘zbekiston | 12:32 / 06.11.2021
55808
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda kuzatilgan qum bo‘ronlari haqida gapirdi

Senat binosida saylangan prezident Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida nutq so‘zlamoqda.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Bugungi kunda insoniyat ko‘plab umumbashariy muammolarga duch kelmoqda va ularga yechim topish nihoyatda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Biz globallashuv har tomonlama avj olayotgan, shiddatli o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan murakkab zamonda yashamoqdamiz.

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishlari, ekologik muammolar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar bizning mamlakatimizda ham yechilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar hisoblanadi. Bunday muammolarni hal etishda kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, bu boradagi barcha sa'y-harakatlarni uyg‘unlashtirish lozim. Bu esa, o‘z navbatida, kelajagimiz qiyofasini belgilaydigan global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarurligini anglatadi.

Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy ta'siri ortib bormoqda. Buni kuni kecha sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari ham yana bir bor tasdiqladi. Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskin tus olmoqda. 

Shu borada biz Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e'lon qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi faoliyatimizni jadallashtirish kerak. 

Shu yil avgust oyida mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyada qabul qilingan qaror va hujjatlarning izchil bajarilishi uchun xalqaro hamkorlarimiz bilan zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid