O‘zbekiston | 12:22 / 09.11.2021
9120
4 daqiqa o‘qiladi

“Yakshanba kuni ishga chiqishni to‘xtatganmiz” – vazir o‘rinbosari mehnat qonunchiligiga amal qilish haqida

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekistonda davlat tashkilotlarida mehnat qonunchiligiga amal qilish masalasi, xodimlar kuniga 12-14 soatlab ishlashi, shanba-yakshanba kunlari o‘tkaziladigan majlislar to‘g‘risidagi savolga javoban Adliya vazirligining bu boradagi tajribasi haqida to‘xtaldi.

“Ko‘p narsa rahbarga, uning qilayotgan ishi va hayotga qarashlariga bog‘liq deb o‘ylaymiz. Kimdir ishini sun'iy ravishda ko‘paytirish uchun ham kun bo‘yi boshqa ishlar bilan band bo‘lib kechasi ishlar, lekin Ruslanbek Quroltoyevich bilan 2017 yildan beri birga ishlayapmiz. O‘tgan davr davomida vazirlikdagi ish tizimi, ish jarayonlari va boshqa jihatlari hisobga olinib, aniq bir mexanizm joriy etildi, xuddi soat mexanizmi kabi ishlaydigan darajada.

Bugungi kunda yig‘ilishlarni o‘tirib emas, balki tik turib o‘tkazamiz. Sababi o‘tirganda ko‘p qolib ketiladi. Tik oyoqda o‘tkazilgan yig‘ilishlarimizda qisqa-qisqa topshiriqlar beriladi, bundan maqsad yig‘ilishni tezroq tugatish. Qolaversa, majlislar soni bizda juda kam.

Yakshanba kuni, ochig‘i biz ishga chiqishni to‘xtatganmiz. Lekin rahbar-kadrlar ba'zan dam olish kunlari ham ishga chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Buni to‘g‘ri tushunamiz, sababi har xil topshiriqlar bo‘lib qoladi va biz mas'ul lavozimdagi shaxslar sifatida kechasi bilan, 24 soat davomida ishlashga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bu yerda hech qanaqa mehnat huquqi yoki boshqa masala haqida emas, balki jamiyat va davlat manfaatlari haqida gapirishimiz kerak”, deya Xudoyor Meliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, davlat organlarida mehnat qonunchiligiga rioya etilishi rahbarlarga bog‘liq. U Adliya vazirligining ijobiy tashabbusi boshqa vazirlik va idoralar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganini ham aynan shu omil bilan izohladi.

Xudoyor Meliyev 2019 yil 9 dekabrdagi prezident qarori bilan Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda uning filiallarida davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun vaqtni to‘g‘ri tashkil etish va undan foydalanish samaradorligini oshirish texnologiyalari (time management) kurslari tashkil etilgani, bu ham mehnat samaradorligini oshirish, ishni to‘g‘ri tashkil etishga xizmat qilishini ta'kidladi.

Avvalroq Mehnat vazirligi Shuhrat G‘aniyev rahbarligida yakshanba kuni o‘tkazilgan yig‘ilishga munosabat bildirib, Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq, ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlarida xodimlar ishga jalb qilinganda, ularga mazkur tashkilotning jamoa shartnomasida belgilangan, lekin kamida ikki hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanishi lozimligini eslatish bilan kifoyalangandi.

Ma'lum bo‘lishicha, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan hozirgi kunga qadar ishdan tashqari va dam olish kunlarida xodimlarni ishga jalb qilish yuzasidan 300dan ortiq monitoring o‘tkazilgan bo‘lib, o‘rganishlar davomida qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida tashkilot va idoralarga 150 dan ortiq yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.

Mavzuga oid