O‘zbekiston | 14:01 / 10.11.2021
4394
3 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchida koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlariga rag‘bat pullari berilmagani aytildi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi “COVID-19” maxsus poliklinikasi xodimlarining rag‘bat to‘lovlari to‘lab berilmayotganligi haqida axabarlar tarqaldi. Xabar yuzasidan viloyat SSB munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtincha nizom qabul qilingan.

Nizomga ko‘ra, tadbirlarga jalb qilingan xodimlar ro‘yxati shakllantirilgan tabellar tegishli muassasa hamda tashkilot rahbarlari buyrug‘i bilan tasdiqlangan holda dastlab viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasiga, keyin hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga taqdim etiladi.

Aniqlanishicha, Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash jarayonida ishtirok etgan tibbiyot xodimlariga tasdiqlangan tegishli ro‘yxat asosida ular ishlagan davr uchun oylik lavozim maoshiga qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari hisob-kitob hujjatlarini tayyorlash tuman TTB hamda viloyat SEO va JSX boshqarmasi mas'ullari tomonidan kechiktirib yuborilgan. Natijada bu hujjatlar 2021 yil 1 noyabrda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yetib kelgan.

Shundan so‘ng mazkur hujjatlarni belgilangan tartiblar asosida o‘rganib chiqish, tahlil qilish, ro‘yxatlar maxsus shtab mutasaddilari tomonidan solishtirilgan. 2021 yil 8 noyabr kuni bu jarayon yakunlanib, hujjatlar tasdiqlangan va to‘lovni tashkil etish bo‘yicha zarur choralar belgilangan.

Hisob-kitob hujjatlari tayyorlashni kechiktirgan mutasaddilarga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan.

«Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi ayrim tibbiyot xodimlarining o‘tgan yilgi rag‘batlantirish to‘lovlari haqidagi murojaatlari bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar davom etmoqda», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid