O‘zbekiston | 11:42 / 12.11.2021
37360
5 daqiqa o‘qiladi

«Chang ko‘tarildi, ketdi, tamommi»? - Gidrometeorolog favqulodda holat e'lon qilinmaganidan taajjubda

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Toshkent havosini qoplagan chang tabiiy ofat darajasidagi hodisa ekani, hukumat bu vaziyatda favqulodda holat e'lon qilishi kerak bo‘lganini aytib o‘tdi.

4-8 noyabr kunlari Toshkent shahri va viloyati havosida chang bo‘roni yopirilishi 150 yillik tarixda ilk bor yuz bergan g‘ayrioddiy hodisa bo‘ldi. Noqulay ob-havo sharoiti aholini sarosimaga solish bilan birga, ko‘plab insonlar salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Mazkur hodisa bir necha yillik ilmiy tadqiqotlarga asos bo‘ldi, deyish mumkin. Gidrometeorolog Erkin Abdulahatov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida bunday chang zarralarini ilmiy o‘rganish O‘zbekistonda yaqinda boshlanganini aytib o‘tdi. Shu bois, hali to‘liq ilmiy baza, statistik ma'lumotlar yetarli emas.

Olim havoni chang qoplash hodisasi kuzatilgan davrda hukumat yetarli choralar ko‘rmagani, oqibatda nafaqat aholi sarosimada qolgani, balki o‘rganilishi lozim bo‘lgan bir necha ilmiy jihatlar ham qolib ketganini qayd etgan.

Erkin Abdulahatov
Foto: Kun.uz

«Toshkent havosini qoplagan chang tabiiy ofat darajasidagi hodisa. Hukumat bu bo‘yicha favqulodda holat e'lon qilishi kerak edi. Bu Konstitutsiyaning 93-moddasida ham keltirilgan.

Men iqlimshunos olimman. Hozirda chang bo‘ronlarini o‘rganyapmiz. Bizga, qancha inson salomatligiga ta'sir ko‘rsatdi, necha foiz odamning allergik, bronxit, astma kasalliklari qo‘zg‘aldi, degan statistik ma'lumotlar kerak.

Tabiiy ofat vaqtida favqulodda holat e'lon qilinmadi, hamma tuzilmalar teng ishlamadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘zi jim o‘tirdi. Umuman, bu vazirlik sayti va telegram kanali orqali ushbu jarayon yoritilganini ko‘rmadim. Bu ularning aybi. Nega deganda, vazirlik mana shunaqa chang tarqalishi yoki bo‘ron bo‘lganda qanday choralar ko‘rish kerakligi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadi. Hattoki, changlarni purkab o‘sha changda insonlarning qanday harakatlanishi bo‘yicha taktikalarni ishlab chiqqan.

Vazirlik xavf holatida nima uchun bu ishlarni qilmadi? Nega aholini ogohlantirmadi, nima uchun mas'ul xizmatlarni umumlashtirib chang o‘tib ketguniga qadar har bir xizmatda qanaqa vaziyat yuz berayotganini nazorat qilmadi?

Agar favqulodda holat e'lon qilinganda men tadqiqotchi sifatida yangi statistikalarni yig‘gan bo‘lar edim. Chunki o‘sha paytda barcha struktura ishlardi. Tibbiyot, sanitariya epidemiologiya xizmati, ekologiya ishlaydi va har kuni yangi informatsiyalar olinardi. Xuddi koronavirus pandemiyasi davridagiga o‘xshash.

Ilmiy jihatdan o‘sishimiz uchun ham bunday o‘rganishlar kerak edi. Lekin unday qilinmadi. Hozir «mana chang ko‘tarildi, ketdi, bo‘ldi tamom», deyilgandek bo‘ldi. U boshqa sferalarga qanday ta'sir o‘tkazgani ma'lum qilinmadi», deydi olim.

Gidrometeorolog Innovatsiya vazirligi chiqargan havoda tarqalgan changning zarari yo‘qligi to‘g‘risidagi xabar yuzasidan ham munosabat bildirdi.

«Changdagi dispers zarrachalari butun Rossiya yoki Yevropa davlatlarida zararli hisoblanadi. Innovatsiya vazirligi nega endi buning zarari yo‘q dedi, hayronman. Chang zarrachasining o‘zi zararli, ya'ni nafas olish organlarini yallig‘lab, qirib o‘tadi. Buning ortidan nafas olish organida kasalliklar kelib chiqadi.

To‘g‘ri, ilmiy laboratoriyada o‘rganilib, kimyoviy tarkibi, og‘ir metall yo‘q, deyilibdi. Lekin ular insonning salomatligiga qanchalik salbiy ta'sir o‘tkazish yoki o‘tkazmasligi haqida gapirsa, albatta, faktlar keltirishi kerak.

Zarari yo‘q, deganiga hayronman. Zarari bo‘ldi-ku, hamma bildi-ku buni. O‘zim ham sezdim. Umuman olganda, vazirlik o‘rganishlari natijasini tibbiyot sferasiga aralashtirmasligi kerak edi. Chang tarkibida falon metallar yo‘q ekan, deb to‘xtatish kerak edi. Inson salomatligiga ta'siri yo‘q, degan gapni aytish uchun juda chuqur tahlil zarur», dedi olim.

Gidrometeorolog havoga chang tarqalgan kuni «Tez yordam»ga 4-5 minglab odamlar nafas siqishi tufayli murojaat qilgani ma'lumligini, chang yutsa-da murojaat qilmay shunchaki yurib o‘tkazib yuborganlar ham talaygina bo‘lganini ham eslab o‘tdi. 

 Islombek Umaraliyev tayyorladi.

Mavzuga oid