O‘zbekiston | 10:39 / 12.11.2021
6182
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning «Zarubejneft» kompaniyasi Jizzakh Petroleum ulushini sotib olishni rejalashtirmoqda

«Zarubejneft» O‘zbekistondagi eng yirik neft kompaniyasi - Jizzakh Petroleum’ning ulushini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «Kommersant’» gazetasi manbalarga tayangan holda xabar berdi. 

Foto: nestro.ru

Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, kelishuv shartlari hozircha muvofiqlashtirib olinmagan. Shuningdek, manbalardan biri O‘zbekiston neft kompaniyasi «Lukoyl»ga ham «ko‘rsatilgani», biroq hamkorlik amalga oshmaganini qayd etdi. «Zarubejneft» kelishuvga izoh bermadi, biroq nashrga «O‘zbekistonda keyingi rivojlanishdan manfaatdor ekani» haqida ma’lum qildi. 

«Kompaniya MDH mamlakatlarida, jumladan Qozog‘istonda o‘z ishtirokini kengaytirish ustida ishlamoqda va ushbu mintaqada neft va gaz qazib olish klasterini shakllantirishga umid qilmoqda», deya qo‘shimcha qildi neft kompaniyasi vakillari. 

Qayd etilishicha, Jizzakh Petroleum Kiprning Belvor Holding Limited kompaniyasi tomonidan nazorat qilinadi. Gazeta ixtiyorida bo‘lgan Kipr reyestri ma’lumotiga ko‘ra, Belvor Holding Limited O‘zbekistonda burg‘ilash bo‘yicha asosiy pudratchi bo‘lgan Eriell neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasi boshqaruv raisi va yirik aksiyadori Baxtiyor Fozilovga tegishli. Rossiyada Eriell eng yirik neft va gaz kompaniyalari bilan ishlaydi. 

Jizzakh Petroleum 2017 yilda «O‘zbekneftgaz» va Gas Project Development Central Asia AG (GPD) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u o‘sha paytda «Gazprom» va «Gazprombank» guruhi tarkibiga kiruvchi Centrex treyderiga teng asosda tegishli bo‘lgan. Jizzakh Jizzaxda neftni qayta ishlash zavodi qurishi kerak edi, biroq xomashyo yetishmasligi sababli loyiha to‘xtatilgan. 

O‘zbekistonning neftni qayta ishlash quvvati yiliga 11 million tonnaga yaqin bo‘lib, bu ko‘rsatkich mamlakatga yetkazib berilayotgan neft hajmidan sezilarli darajada ko‘p, shu sababli ham undan yetarlicha foydalanilmayapti. O‘zbekistonda 2020 yilda neft qazib olish hajmi 734 ming tonnani tashkil etdi. 

2019 yilda respublika hukumati 2020-2030 yillarda neft qazib olishni ko‘paytirish dasturini tasdiqladi, unga ko‘ra Jizzakh’ga 105ta kon uchun litsenziyalar topshirildi va bu qo‘shma korxonani O‘zbekistondagi eng yirik neft kompaniyasiga aylantirdi. 

«Kommersant’» nashrining taxmin qilishicha, ayni paytda Belvor kompaniyadagi GPD ulushining katta qismini sotib olgan. 2021 yil oktyabr oyida esa Belvor «O‘zbekneftgaz» ulushini ham sotib olib, o‘z ulushini 98 foizga yetkazgan. Shundan so‘ng Jizzakh Petroleum o‘z nomini «Sanoat Energetika Guruhi»ga o‘zgartirdi. «Gazprom»ning gazetaga ma’lum qilishicha, GPD endi ularga tegishli emas.

Mavzuga oid