O‘zbekiston | 21:31 / 13.11.2021
46528
4 daqiqa o‘qiladi

Alifbo islohoti bo‘yicha olimlarning yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. To‘rt harf va bir harf birikmasi o‘zgarmoqda

Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkilotchiligida o‘tgan yig‘ilishga OAV vakillari chaqirilmagan.

12 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘zbek tilshunos olimlarining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi bo‘yicha yakuniy yig‘ilishi o‘tkazilgan. Bu haqda yig‘ilishda ishtirok etgan, ammo ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaning ta’kidlashicha, kechagi uchrashuv alifbo islohoti bo‘yicha olimlarning yakuniy va hal qiluvchi yig‘ilishi maqomida o‘tgan. Ya’ni unda kelishilgan qarorlar endilikda qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish va qonun sifatida ma’qullash uchun kiritiladi.

«Bizga yig‘ilish avvalida ishchi guruh a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi ko‘rib chiqish uchun tarqatildi. Loyihada alifbomizda eng muammoli bo‘lgan to‘rtta harf islohi bo‘yicha taklif aniq qo‘yilgan. Ya’ni bular «sh» va «ch» hamda «o‘» va «g‘» harflarini «ş», «ç», «ō» va «ğ» shaklida o‘zgartirish masalasi. Bu taklif tilshunos olimlar tomonidan to‘la ma’qullandi.

Tadbir davomida yangi alifboga «ts» harfini kiritish taklifi ham bildirildi, ammo bunga boshqalar qo‘shilmadi. Taklif ma’qullanmadi.

Shuningdek, yig‘ilishda olimlarimiz «ng» harf birikmasini ham bir harfdan iborat belgi «ñ»ga o‘zgartirish bo‘yicha kelishib olishdi. Bu ayrimlarda e’tiroz uyg‘otdi, ammo taklif ko‘pchilik tomonidan ma’qullandi. Shunday qilib, endilikda alifbomizga «ng» tovushini ifodalovchi «ñ» belgisi ham kiritilish ehtimoli paydo bo‘lmoqda», – dedi manba.

Ma’lum bo‘lishicha, yig‘ilish davomida o‘rtaga tashlangan va olimlar tomonidan ma’qullanmagan takliflar orasida «h» va «x» harflarini birlashtirib yuborish ham bo‘lgan.

Kun.uz alifbo islohi bo‘yicha olimlar ishtirokida o‘tgan yig‘ilish va unda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ma’lumot olish uchun yana qator tilshunos olimlar bilan bog‘landi. Ammo ular yig‘ilish va unda qilingan qarorlarni hech qayerga chiqarmaslik bo‘yicha qat’iy topshiriq olishganini bildirdi.

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi tez orada parlament quyi palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid