Iqtisodiyot | 14:37 / 13.11.2021
14848
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdo aylanmasini yiliga 5 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirmoqda

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 2021 yilning dastlabki 9 oyida o‘zaro savdo hajmi 2,4 milliard dollarga yetgan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagisiga nisbatan 70 foizga ko‘proq. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush o‘rtasidagi uchrashuvda ma'lum qilindi.

Uchrashuvda ikki mamlakat bozorlariga o‘zbek va turk mahsulotlarini yetkazib berish hajmi va turlarini oshirish, kelgusi yilda o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat borligi ta'kidlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitimlar ustida olib borilayotgan ishlar bu yil oxirigacha yakunlanishi ma'lum qilindi.

Savdo yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish va bojxona tartib-taomillari soddalashtiriladi. Joriy yil oxirigacha ikki mamlakat bojxona xizmatlari Qo‘shma bojxona kengashining 2-yig‘ilishini o‘tkazishi kutilmoqda.

Sardor Umurzokovning Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktay bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Ma'lum qilinishicha, 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 2 barobar, mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan Turkiya investitsiyalari hajmi esa 10 barobar oshgan.

Uchrashuvda tomonlar yaqin kelajakda mashinasozlik, neft-kimyo, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va farmatsevtika sohalarida yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishdi.

«Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, so‘nggi 5 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi, joriy yil boshidan buyon esa 70 foizga oshdi. Yaqin kelajakda O‘zbekiston-Turkiya savdo aylanmasi hajmini 5 milliard dollarga yetkazish zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitim yuzasidan kelishish ishlarini yakuniga faollik bilan yetkazishga kelishildi», – deyiladi xabarda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston importida Turkiya – Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Janubiy Koreyadan so‘ng 5-o‘rinda turgan. Shu davrdagi O‘zbekiston eksportida esa Xitoy hamda Rossiyadan so‘ng Turkiya 3-o‘rinda qolmoqda.

Mavzuga oid