O‘zbekiston | 19:53 / 15.11.2021
9442
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim tizimida davlat xaridlari va to‘lovlar bo‘yicha milliardlab so‘mlik qonun buzilishlar aniqlandi

Buxoro davlat universiteti tomonidan o‘tkazilgan 20 milliard so‘mlik, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan o‘tkazilgan 1,1 milliard so‘mlik tanlovlarda davlat xaridlariga oid qonun talablariga rioya etilmagan.

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan agentlik matbuot kotibi Durdona Ochilova Kun.uz’ga ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2019 yilda oliy ta’lim sohasida sodir etilgan jinoyatlar 142 tadan 87 taga kamaygan. 2021 yilning 6 oyida bu ko‘rsatkich 16 tani tashkil etib, unda ishtirok etganlar 26 nafardan iborat bo‘ldi. Davlat moliyaviy nazorati departamenti hamda vazirlik ichki audit xizmati tomonidan oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida 2019 yilda qariyb 20 mlrd so‘mlik qonunbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2021 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 5,2 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, 2019-2021 yillarda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 6 ta 1 mlrd so‘mdan ortiq xarajatlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

«Moliyaviy xatoliklarga yo‘l qo‘ygan 139 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi. Shundan, 99 nafar xodimga hayfsan berildi, 3 nafar xodimga nisbatan jarima qo‘llanildi, 37 nafar xodim esa egallab turgan lavozimidan ozod etildi» – deyiladi agentlik bayonotida.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ayrim oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillar, unga sabab bo‘layotgan shart-sharoitlar, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanish, ish haqi, stipendiya va boshqa to‘lovlarning to‘lanishi hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishi o‘rganilganida, qator qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi.

«Buxoro davlat universitetida 348 mln so‘mlik moddiy boyliklar qimmat narxlarda xarid qilingan, 222 mln so‘mdan ziyod mablag‘lar esa maqsadsiz sarflangan. 246 mln. so‘mdan ortiq shartnomada ko‘rsatilmagan jihozlar sotib olingan. Qurilish tanlovlarini o‘tkazishda 20 mlrd so‘mlik tanlovlarda davlat xaridlariga oid qonun talablariga rioya etilmagan. Buxoro muhandislik-texnologiya institutida magistrantlarga 13,5 mln so‘mdan ortiq stipendiya ortiqcha to‘langan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘tkazgan 1,1 mlrd so‘mlik tanlovlarda davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilgan», – deyiladi agentlik matbuot kotibi brifingida.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida ishlar davom ettirilishi ma’lum qilindi.

Mavzuga oid