O‘zbekiston | 09:56 / 16.11.2021
3625
2 daqiqa o‘qiladi

11 bosh jayronni ovlagan brakonerlar qamaldi

Foto: Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasi matbuot xizmati

Joriy yilning may oyida Qoraqalpog‘istonda «O‘zbekiston Qizil kitobi»ga kiritilgan jayronlarni noqonuniy ravishda ovlagan brakonerlar qo‘lga olingani haqida xabar bergandik.

O‘shanda Qo‘ng‘irotdagi «Jasliq» MFYda yashovchi T.B. va B.R. tomonidan Ustyurt tekisligida noqonuniy ravishda «Qizil kitob»ga kiritilgan 11 bosh jayronni ovlagani, yonlarida 11 juft shox borligi aniqlangan.

«Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘ining axborot xizmati oradan 6 oy o‘tib, holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Prokuratura tomonidan tergov, surishtiruv ishlari olib borilib, sud organiga yuborilgan. Sud jarayoni 2 noyabr kunida yakunlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudi tomonidan hukm o‘qilgan.

Unga ko‘ra, qonunbuzar R.B.ga nisbatan 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, qonunbuzar T.B.ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi hamda hayvonot dunyosiga keltirilgan jami 404 million 250 000 so‘m zarar «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i foydasiga undirishga qaratildi.

Sentabr oyida To‘rtko‘l va ellikqal'alik ovchilar Taxtako‘pirda 2 ta jayronni o‘ldirgandi.

Mavzuga oid