O‘zbekiston | 07:36 / 19.11.2021
6517
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda O‘zbekistonga migrantlar pul o‘tkazmalari hajmi 7,6 mlrd dollarni tashkil etishi kutilmoqda

2021 yilda O‘zbekistonga mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 7,6 milliard AQSh dollarini yoki mamlakat YaIMning 11,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda.

Foto: RIA Novosti

Jahon bankining Migratsiya va rivojlanish masalalari bo‘yicha e'lon qilingan hisobotida berilgan hisob-kitoblarning ko‘rsatishicha, COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan chuqur global retsessiyaga qaramasdan 2020 yilda pul o‘tkazmalari oqimining barqarorligi deyarli saqlanib, atigi 1,7 foizga qisqargan bo‘lsa, keyingi o‘sish sur'atining tiklanishi kutilganidan ham jadalroq bo‘ldi.

2021 yilda past va o‘rta daromadli mamlakatlar mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari 7,3 foizga oshib, 589 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. 

«Migrantlarning pul o‘tkazmalari oqimi COVID-19 inqirozi davrida iqtisodiy qiyinchilikka duchor bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun hukumatning pul yordami dasturlariga juda yaxshi qo‘shimcha bo‘ldi. Uy xo‘jaliklarining moliyaviy tangligini yengillashtirish uchun pul o‘tkazmalarini jo‘natishga qulayroq muhit yaratish - pandemiyadan keyingi global iqtisodiyotni qayta tiklash bo‘yicha hukumat siyosatining asosiy ustunlaridan biri bo‘lishi kerak», dedi Jahon bankining Ijtimoiy himoya va bandlik bo‘yicha global amaliyot departamenti direktori Mixal Rutkovski.

Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari hajmi 2020 yilda 8,6 foizga kamaygan bo‘lsa, Yevropa ittifoqidagi iqtisodiy tiklanish hamda neft va gaz narxlarining keskin oshishi hisobiga 2021 yilda uning hajmi 5,3 foizga o‘sib, 67 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. 2022 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Pul o‘tkazmalari hozirda ushbu mintaqada tashqi moliyalashtirishning eng katta manbai hisoblanadi. Qirg‘iziston va Tojikistonga pul o‘tkazmalarining hajmi YaIMning 25 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. 

2021 yilda O‘zbekistonga mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 7,6 milliard AQSh dollarini yoki mamlakat YaIMning 11,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda.

200 AQSh dollarini bu mintaqaga o‘tkazishning o‘rtacha narxi 2021 yilning birinchi choragida biroz ko‘tarilib, o‘tgan yilgi 6,5 foizdan 6,6 foizga yetdi. Bu ko‘p jihatdan Turkiya-Bolgariya koridoridagi pul o‘tkazmalari narxining keskin oshganini aks ettiradi. Dunyodagi eng arzon jo‘natuvchilardan biri bo‘lgan Rossiyada pul o‘tkazmalari narxi 1,8 foizdan 1 foizga tushdi.

Mavzuga oid