O‘zbekiston | 16:20 / 19.11.2021
14490
3 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva YuNeSKO rahbarligiga qayta saylangan Odri Azule bilan uchrashdi

Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Gender tengligini ta'minlash bo‘yicha komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva Parijda YuNeSKO bosh direktori lavozimga qayta saylangan Odri Azule bilan uchrashdi. 

Foto: Milliy mass-media fondi

“Azule xonimni YuNeSKO ijroiya kengashi tomonidan mehnatlari e'tirof etilgani va ishonch bildirilgani bilan  tabrikladim. Ushbu maqomdagi samarali sa'y-harakatlari, mamlakatimizda ko‘plab ajoyib loyihalarni, jumladan "Lazgi" baleti postanovkasi va boshqalarni amalga oshirishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdim”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva. 

Qayd etilishicha, Odri Azule doim madaniy tadbirlar markazida bo‘lib, YuNeSKO manfaatlari yo‘lida astoydil xizmat qilib, jahonning tarixiy va madaniy boyliklarini asrashga munosib hissa qo‘shmoqda. 

“Bu inson hamisha yurtimizning ardoqli mehmoni bo‘ladi!” - deydi Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari.

Foto: Milliy mass-media fondi

Ma'lum qilinishicha, Odri Azule bilan uchrashuvdan so‘ng YuNeSKO binosiga ekskursiya uyushtirilgan. 

Foto: Milliy mass-media fondi

“1889 yilda qurilgan La Bourse de Commerce birjasiga ham bordik. Bu yerda Fransua Pino zamonaviy san'at jamg‘armasining muzeyi joylashadi.

Foto: Milliy mass-media fondi

YuNeSKO tashkiloti binosi bilan Birjani bir ism birlashtiradi — Tadao Ando. Bu arxitektor YuNeSKO ustavi kuchga kirganining 50 yilligi munosabati bilan tashkilot binosi korpuslari orasida meditatsiya pavilonini barpo etdi. Birja binosi esa uning Fransiyadagi eng yirik loyihasi va Fransua Pino bilan hamkorlikda amalga oshirgan uchinchi muvaffaqiyatli loyihasidir.

Tadao Andoga tegishli arxitektura namunalari bilan tanishishni intiqlik bilan kutayotgandim — u O‘zbekiston davlat san'at muzeyi yangi binosining dizayn-konsepsiyasi muallifidir. 
Nazarimda, Tadao Ando Parij Birjasi binosi ichida barpo etgan konsepsiya mukammal darajada. Binoning tarixiy qiyofasi tiklangan. Muzeyimiz uchun me'mor tanlashda ham uning arxitektura shakli va nisbatini buzmagan holda nurni to‘g‘ri yo‘naltirish mahorati inobatga olindi”, deb yozgan Saida Mirziyoyeva.

Foto: Milliy mass-media fondi
Foto: Milliy mass-media fondi

Mavzuga oid